Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vazirligida murojaatlarni qayd etish, umumlashtirish, tizimlashtirish, ularni ko‘rib chiqish ustidan monitoring va nazorat qilish bo‘yicha elektron axborot tizimi joriy etilgan.

2023 yilning o‘tgan davrida vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslardan jami 3 ming 494, virtual qabulxona orqali 3 ming 962  murojaat  kelib tushgan.

Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya  qo‘mitasining majlisida bu raqamlar qayd etilib, murojaatlar qanday hal etilayotganiga e’tibor qaratildi.

Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi. Ayrim murojaatlarni ko‘rib chiqish masalasi yakuniga yetkazilmagan, ayrimlariga faqat tushuntirish berish bilan cheklanilgan, xolos.

Senatorlar tomonidan aholi murojaatlari bilan tizimli ishlashni tashkil etish, ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, tezkor o‘rganishlar o‘tkazish, jamoatchilik bilan ishlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berildi.

Majlisda, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ish yuritayotgan NNTlar bilan hamkorlikni yanada faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Jamoat tashkilotlari vakillari qo‘mita ekspertlar guruhi va ishchi guruhlar tarkibida, qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil ishlarini tashkil etish va boshqa tadbirlarga keng jalb etilmoqda.

Ekologiya va sog‘liqni saqlash sohasidagi NNTlar ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, ular bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar va rejalar, ilmiy-amaliy va targ‘ibot tadbirlari tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Ularning ijtimoiy ahamiyatga molik muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Kelgusida aholining ekologik madaniyatini oshirish, ularning atrof – muhit holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqlarini ta’minlash, atrof – muhit muhofazasida jamoatchilik faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibi doirasida muhokama qilish rejalashtirilgan qonunlar ham ko‘rib chiqildi.

“O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda asosiy tushunchalar, shuningdek, kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ro‘yxatga olish hamda ular bilan bog‘liq ishlarni xavfsiz amalga oshirishga doir talablar nazarda tutilmoqda.

Qonun o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi kadrlar salohiyatini rivojlantirishga, o‘simliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlarning tartibini takomillashtirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

N.Abduraimova, O‘zA