Xabaringiz bor, Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” dori vositasini qabul qilgan 65 nafar bola vafot etgan edi.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda.
Toshkent shahar sudi binosida bo‘lib o‘tayotgan mazkur ochiq sud majlisi boshlanishidan oldin jabrlanuvchilardan ayrimlari bilan suhbalashishga muvaffaq bo‘ldik.
– Farzandim 2019 yilda tug‘ilgan edi, – deydi qoraqalpog‘istonlik Yulduzxon Xolboyeva. – Sal shamollab, tomog‘i og‘rigani uchun “Dok-1 Maks” siropini poliklinika shifokori tavsiyasi asosida o‘g‘limga ichirgan edim. Ahvoli yaxshilanish o‘rniga yomonlashgani uchun poliklinikaga olib chiqdim. Keyin shifoxonaga bordik. Qanday yordam ko‘rsatilmasin, foydasi bo‘lmadi. Bolamning eng oxirgi kunlari ekan… Bitta dorini deb chopib, o‘ynab yurgan farzandimdan ayrildim…
Yana bir jabrlanuvchi nukuslik Bo‘tako‘z Jumag‘aliyeva.
Uning o‘g‘li 3,5 yoshda bo‘lgan. Sog‘lom tug‘ilgan, biror marta jiddiy kasal bo‘lmagan, shifoxonada davolanmagan bolakay “Dok-1 Maks” siropini ichish oqibatida buyraklari ishdan chiqqan va vafot etgan.
Farzand dog‘ida kuyib, ko‘zlariga yosh olgan Bo‘tako‘z bu masalada aybdor shaxslar maksimal jazo olishini istaydi.
Shuning uchun ham u uzoq yo‘l bosib, sud jarayonini bevosita kuzatish uchun Toshkentga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Muso Yusupov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur jinoyat bo‘yicha 21 nafar sudlanuvchining ishi sudda ko‘rib chiqilmoqda.
Jinoyat kodeksining o‘ndan ortiq moddalari bilan ayblanayotgan shaxslardan biri – hindistonlik bo‘lib, u “Quramax Medikal” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori bo‘lib ishlagan.
Qolgan sudlanuvchilar farmatsevtika sohasi, dori vositalarini standartlash tizimi mas’ul xodimlari hisoblanadi.
Bugun bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi sud majlisida boshqa sudlanuvchilarga nisbatan sud tergovi davom ettirildi.
Sud jarayoni davom etmoqda.
Norgul Abduraimova, Doniyor Yakubov (video), O‘zA