O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ozarbayjonga davlat tashrifi munosabati bilan Boku shahrida ikki mamlakatning 250 dan ortiq yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu forumda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining vakillari ham ishtirok etmoqda.
Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Forumda energetika, metallurgiya, shaharsozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, shuningdek, neft va gaz sanoati hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi. O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiyaviy kompaniyasi ko‘magida metall buyumlar, farmatsevtika mahsulotlari, maishiy texnika va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.
2022 yilda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 2,5 million dollarlik farmatsevtika mahsulotlari Ozarbayjonga eksport qilingan bo‘lsa, 2023 yilning birinchi yarim yilligida bu ko‘rsatkich 128 foizga oshgan. 2024 yilda eksport hajmini 4 million dollarga yetkazish kutilmoqda.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (O‘zbekiston) va Eksport va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi (Ozarbayjon) bilan farmatsevtika sohasida investitsion loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi. O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etildi.
Shu maqsadda Ozarbayjon Eksport va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi tomonidan ikki davlat tadbirkorlarini jalb qilgan holda Ozarbayjonda insulin, antibiotiklar, yuqori texnologiyali tibbiy texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.
O‘zbekiston-Ozarbayjon biznes-forumi ikki davlat o‘rtasida manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Sheriklikni mustahkamlash yo‘lidagi ushbu tashabbus va natijalar shubhasiz, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida farmatsevtika sohasini rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi.
M.Qosimova, O‘zA