Ochiq muloqotda Prezidentimiz yuqori daromadli korxonalarni ko‘paytirish maqsadida yangi tashabbusni ilgari surdi.

Xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda elektrotexnika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, polimer, kimyo va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 140 ta tayyor loyiha ishlab chiqildi.

Ochiq muloqotda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga “140 ta ilg‘or sanoat korxonasi” loyihalari taqdimot qilindi.

Ushbu loyihalarning jami qiymati 10 milliard dollarga teng bo‘lib, ularda 60 mingta ish o‘rinlarini yaratish, yiliga 5 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish hamda 2,5 milliard dollarlik eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Mazkur 140 ta loyiha elektron platformaga qo‘yilib, tadbirkorlarga ochiq-oshkora shartlar asosida taklif qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlarni ushbu dasturda ishtirok etishga chaqirdi. Ular qiziqish bildirsa, hozirdayoq shartnoma tuzilishi mumkinligini, joyi ham, mablag‘i ham, infratuzilmasi ham hozirning o‘zida hal qilinishi ta’kidlandi.

Dasturga kirgan korxonalarga Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 10 yil muddatga past foizli kreditlar ajratiladi.

O‘zA