Milliy matbuot markazida “Milliy sifat infratuzilmasini rivojlantirishda mahsulot sinovlari va sifatga erishishning muhim omillari” mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda har qanday mahsulotning muvofiqligini baholashda asosiy e’tibor va talab sinov laboratoriyalari ekani qayd etildi.

Shu sababli  zamonaviy sinov laboratoriyalarini tashkil etishga e’tibor qaratilmoqda. Sohada kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish ham doimiy kun tartibida. 100 dan ortiq mutaxassis Turkiya, Xitoy, Latviya, Chexiya va Belorussiya kabi davlatlarda oziq-ovqat, maishiy elektrotexnika, metall, qurilish va boshqa turdagi mahsulotlar sinovlari bo‘yicha amaliy kurslarda malaka oshirdi.

Bu o‘z samarasini bermoqda. Misol uchun, 2022 yil davomida markaz qoshidagi sinov laboratoriyalari tomonidan 107 holatda mahsulotlar sifat va xavfsizlik talablariga nomuvofiq deb topildi. Import tarzida kirib kelgan nomuvofiq mahsulotlar bo‘yicha muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirish rad etilib, ma’lumotlar tegishli tashkilotlarga yuborildi.

Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti tomonidan esa joriy yilning yanvar-iyun oylarida Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakildan ruxsat olingan holda 53 tadbirkorlik sub’ektida davlat nazorati o‘tkazildi.

Tekshirilgan 104 mahsulotdan 75 tasi amaldagi texnik reglament va standartlarga nomuvofiqligi aniqlandi. Shundan 7 ta importyor korxonaga olib kelingan mahsulotlar tekshirilganda 51 turdagi mahsulotdan  49 turdagisi texnik reglament va standart talablariga nomuvofiqligi aniqlandi hamda realizatsiya qilinishi taqiqlandi.

–  Tashkilotimiz tomonidan eksportyor korxonalarga amaliy yordam ham ko‘rsatilmoqda, – deydi “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi direktori Jasur Shukurov. – Xususan, 282 fermer xo‘jaligining11 ming gektar maydonida“Global G.A.P.” va “Organic” xalqaro standarti joriy qilinib, sertifikatlashtirildi. Yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 53 to‘qimachilik sanoati korxonasida “OEKO-TEX”xalqaro standarti joriy qilindi.

33 korxonaga “SE” markirovkasi berilib, mahalliy mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi davlatlari bozorlariga eksport qilish imkoniyati yaratildi. “GSP+” doirasida 6 ming 200 turdagi mahsulotni Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilishga sharoit yaratildi.

“Yevropa Ittifoqiga eksport qilinadigan  mahsulotlar sonini 600 taga yetkazish maqsadida 1 ming 718 korxonada xalqaro sifat menejment tizimi joriy qilindi. Yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkich 2,4 mingga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA