Nukusdagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi sport bazasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlanib respublika davolash profilaktika muassasalari xodimlari o‘rtasida spartakiada musobaqasi o‘tkazildi.
“Sport – salomatlik garovi” shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish orqali xodimlar salomatligini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan musobaqada 15 jamoa tarkibida 170 nafardan ziyod xodimlar shashka, yengil atletika, darts, voleybol, arqon tortish turlari bo‘yicha bahslashdi. Spartakiada yakunida umumjamoa hisobida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filiali jamoasi birinchi, 1-Respublika ruhiy va asab kasalliklari dispanseri ikkinchi, Respublika o‘lat profilaktika markazi Qoraqalpog‘iston filiali uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan kubok, medal, diplomlar topshirildi. Shuningdek, “Eng yoshi katta ishtirokchi”, “Eng yosh ishtirokchi”, “Eng mohir havaskor ishtirokchi”, “G‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar rag‘batlantirildi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri