Milliy an’ana va qadriyatlarga asoslangan zamonaviy sport turlarining yaratilishi xalqaro maydonda vatanimiz nomining ulug‘lanishiga xizmat qilmoqda.

Birgina kurashning zamonaviy sport turi sifatida xalqaro maydonga chiqishi xalqimiz g‘ururini yuksaltirgan bo‘lsa, o‘zbek jang san’atining ommalashishi mamlakatimiz jismoniy tarbiya va sport harakatida o‘ziga xos voqelik bo‘ldi.

O‘zbek jang san’atining sport terminologiyasini ishlab chiqish, qonun-qoidalarining hayotga tatbiq etilishida yakkakurash sport turlari bilimdoni Po‘lat Usmonovning alohida xizmatlari bor.

Milliy olimpiya qo‘mitasida mamlakat O‘zbek jang san’ati federatsiyasi raisi Po‘lat Usmonovning 60 yoshlik yubileyi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda shu haqda so‘z bordi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, bir guruh sport fidoyilari P.Usmonovning yurtimiz sporti rivojiga qo‘shib kelayotgan hissasini yuqori baholadi.

Mehnat hech qachon besamar ketmaydi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Po‘lat Usmonov Milliy olimpiya qo‘mitasining esdalik ordeni bilan taqdirlandi. Yoshlar orasida milliy sport turlari va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini kuchaytirish yo‘lidagi mehnatlariga zafarlar yor bo‘lishini tilashdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA