Prezidentlar Ark qo‘rg‘oniga tashrif buyurdi

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Buxoro shahridagi Ark – viloyat o‘lkashunoslik muzeyiga keldi.
O‘tmishda G‘arb bilan Sharqni bog‘lagan Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahalaridan birida joylashgan Buxoro boy va shonli tarixga ega. Ushbu tarix xalqimizning yashash tarzi, bunyodkorligi, etnografiyasi, xorijiy davlatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy aloqalaridan guvohlik beradi. Ark qo‘rg‘onida joylashgan viloyat o‘lkashunoslik muzeyida namoyish qilinayotgan minglab eksponatlar, arxeologik buyumlar shu haqda hikoya qiladi.
f71502e0-340f-6b9f-a8bf-50c44d66a84a.jpg
Ikki davlat rahbarlari mazkur muzey faoliyati bilan tanishdi, bu yerdagi noyob osori atiqalarni ko‘zdan kechirdi.
Buxoro o‘tmishda savdo, madaniyat va siyosiy aloqalar markazi sifatida mintaqada muhim mavqeiga ega bo‘lgan. Arkda hukmdorlar turli ellardan kelgan elchilar bilan muloqot olib borgan.
Ikki davlat rahbarlari muzey qo‘riqxona hududidagi jome’ masjidida bo‘ldi. Mehmonlarga qo‘rg‘on markazida saqlanib qolgan qabulxona — marosimxonada viloyat san’atkorlari tomonidan taqdim qilingan milliy kuy-qo‘shiqlarda xalqlar do‘stligi g‘oyasi tarannum etildi.
1c80f6a5-d1c5-54be-f29f-e1f89e0f698d.jpg

 

Matnazar Elmurodov, Erkin Yodgorov, O‘zA