Belarus davlatida bo‘lib o‘tayotgan II MDH sport o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi uchun navbatdagi medallarni yunon-rum kurashchilarimiz keltirishdi.
Soligorsk shahrida tashkil etilgan kurashchilar bahsining 72 kg vazn toifasida umidli polvonimiz Jamol Jumaboyev va 87 kggacha vazndagi sportchilar orasida ro‘yxatdan o‘tgan vakilimiz Murod Alimjonov faqat final bahsini boy bergan holda, kumush medallarni qo‘lga kiritishdi.
130 kg vaznda qatnashgan yana bir vakilimiz Temurbek Nasimov esa shohsupaning 3-pog‘onasiga ko‘tarildi.
Og‘ir atletika bo‘yicha terma jamoamiz bugun ham musobaqa zalini sovrinsiz tark etmaydi. Grodnoda bo‘lib o‘tayotgan polvonlar chiqishi odatdagidek, muxlislar e’tiborida bo‘ldi. 67 kg vazn toifasida qatnashgan hamyurtimiz Diyorbek Ro‘zmetov faqat mezbonlar vakili Yegor Popovdan ortda qolib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Iste’dodli sportchimizning dast ko‘tarishdagi 130, siltab ko‘tarishdagi 155 va mos ravishda ikkikurash bo‘yicha qayd etilgan 285 kg natijasi 3-o‘rinni band etgan qirg‘izistonlik Ishenbek Muratbekdan oz emas, ko‘p emas, 18 kg o‘zib ketish imkonini berdi.
G‘ayrat XONNAZAROV,
O‘zA
Minsk, Belarus