“Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Ipak yo‘lida” qisqa metrajli filmi Moskvada o‘tkazilgan “Patriki” xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib chiqdi.

Kinematografiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur kartina “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali dasturidagi “5 kunda kino” yosh rejissyorlar loyihasi doirasida suratga olinib, bosh sovrin – “Gran-Pri” hamda “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.

Film ijodkorlari – ssenariy muallifi Shohjahon Subhonov, sahnalashtiruvchi rejissyor Sherzod Nazarov, tasvirchi Diyor Ismatov, rassom Erkin Xushmatov, badiiy rahbar Ali Hamroyev.

Eslatib o‘tamiz, “Ipak yo‘lida” qisqa metrajli filmi yana bir necha xalqaro festivalda ishtirok etib, munosib e’tirofga sazovor bo‘lgan.

 

O‘zA