Xitoy va Gruziya birgalikda e’lon qilgan qo‘shma bayonotda ushbu ikki mamlakat o‘zaro munosabatlarni strategik hamkorlar darajasiga ko‘tarish niyatida ekani ta’kidlangan, deya xabar tarqatdi dushanba kuni “Sinxua” agentligi.
Avvalroq Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili Chendu shahrida 31-yozgi Universiada ochilishi marosimida ishtirok etgani, so‘ngra XXR raisi Si Szinpin, keyinroq XXR davlat kengashi rahbari Li Syan bilan uchrashgani ma’lum qilingan edi.
“Tomonlar o‘zaro manfaatli hisoblangan xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha yanada chuqurroq fikr almashdi, ko‘p masalalar bo‘yicha konsensusga erishdi, munosabatlarni strategik sheriklik darajasigacha olib chiqishga qaror qilishdi”, – deyiladi bayonotda.
Xitoy va Gruziya 1992 yil 9 iyunda diplomatik munosabat o‘rnatgan. Shu sanadan boshlab ikki mamlakat o‘rtasida turli sohada amalga oshirilayotgan hamkorlik samarali kechmoqda.
Hozirgi murakkab xalqaro sharoitda siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda hamkorlikni kengaytirish, birgalikda mintaqa va dunyoda tinchlik, barqarorlik, taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi, deyiladi xabarda.