Markaziy harbiy kengash rahbari, XXR Raisi Si Szinpin G‘arbiy jangovar qo‘mondonlik hududini tekshirish chog‘ida Xitoy Xalq ozodlik armiyasini modernizatsiya qilish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda “Sinxua” agentligi xabar qildi.

“Yangi davrda kuchli armiya yaratish, mamlakatimiz Qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish jarayonini jadallashtirish g‘oyasini hayotga tatbiq etish kerak”, degan Xitoy Raisi. Aniqlik kiritilishicha, tegishli o‘zgarish “2022 yil oktyabr oyidagi XXR Kommunistik partiyasi qurultoyi ruhiga muvofiq” amalga oshirilishi lozim.

Si Szinpin Xitoy Xalq armiyasi jangovar qobiliyatini yuksaltirish uchun zamonaviy harbiy texnikalarni joriy etish zarurligiga urg‘u berdi. Shuningdek, mamlakat qo‘shinlari haqiqiy jangovar tayyorgarlik va mashqlar orqali mahoratni oshirishi, askar va zobitlar ham g‘oyaviy-siyosiy tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratishi shartligini eslatdi.