Koreya Ixtirochi ayollari assotsiatsiyasi (KWIA), Koreya Intellektual mulk ofici (KIPO) va Xalqaro intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan o‘tkazilayotgan Koreya Xalqaro ixtirochi ayollar ko‘rgazmasi – “KIWIE-2023” 20 iyuldan o‘z ishini boshladi.

Xalqaro ko‘rgazma ixtirochi ayollarning fan va texnologiya sohasidagi yutuqlari, tajribalari va yaratgan yangi texnologiyalarini o‘rganish,  rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilib kelinmoqda. “KIWIE-2023” ko‘rgazmasida 40 dan ziyod davlatdan 400 nafardan ortiq olima, ixtirochi va tadbirkor xotin-qizlar texnika, texnologiya, tibbiyot, oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va sanoatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z ixtirolari hamda innovatsion ishlanmalari bilan qatnashdi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan mamlakatimiz olima  ayollarining ixtirolari Koreyada o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazma, tanlov va forumda qatnashish uchun tavsiya qilingan edi.

“KIWIE-2023”da ishtirok etgan O‘zbekiston olima ayollari  delegatsiyasi a’zolari ilm-fanda erishgan natijalari va innovatsion  mahsulotlarini namoyish qildi. O‘zbekiston olima ayollarining ixtirolari ko‘rgazmaga tashrif buyurganlarda katta qiziqish uyg‘otdi va xalqaro ekspertlar tomonidan ham  o‘rganildi.

“KIWIE-2023” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etgan O‘zbekiston  olima ayollari 4 ta oltin, 5  ta kumush, 1 ta bronza medal  va  tibbiyot, texnika, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha 5 ta maxsus mukofotni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik olima ayollar ko‘rgazmada ishtirok etayotgan boshqa mamlakatlarning ixtirochi ayollari va koreyalik tadbirkorlar bilan yaqindan muloqotda bo‘ldi. Ular Koreya Ixtirochi ayollar assotsiatsiyasi tomonidan  o‘tkazilgan  seminar va davra suhbatlarida ham  ishtirok etdi. Shuningdek, sovrindor olima ayollar O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasida o‘tkazilgan tadbirda ham qatnashdi.

N.Usmonova, O‘zA