Davlatimiz rahbarining joriy yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xalqaro sertifikatga ega davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun mas’ul xodimlariga o‘rnatilgan ustamalarga qo‘shimcha ravishda lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz miqdorda ustama to‘lanadi.

Bunda xalqaro sertifikat ro‘yxati Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan shakllantiriladi va uning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot texnologiyalari hamda raqamli xizmatlar joriy etilishi holatini baholash reytingi bilan qamrab olinmagan davlat organlari rahbarlarining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosarlariga har oyda mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining 30 foizi miqdorida ustama haq to‘lanadi.

2023 yil 1 dekabrga qadar fuqarolar raqamli xizmatlardan mustaqil ravishda foydalanishlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazlarida birinchi bosqichda 14 ta «Raqamli xizmat nuqta»lari tashkil etiladi.

2024 yil 1 yanvarga qadar raqamli xizmat va servislar, elektron to‘lovlar, media resurslar imkoniyatini birlashtirishni nazarda tutuvchi Yagona portal orqali xizmatlarni taqdim etishning yangi dasturiy ta’minot shakli joriy qilinadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA