Qo‘qon shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari Beshariq tumanidagi imkoniyatlarni ham ishga solish yo‘llarini ko‘rsatib o‘tdi.  

Beshariqni Tojikistonning So‘g‘d viloyati bilan bog‘lovchi ko‘prikdagi ishlar yakuniga yetkazilsa (qurilish ishlari 70 foiz bajarilgan), yo‘l 5 barobarga qisqaradi. Natijada Beshariq Tojikistonning 500 ming aholisi uchun tranzit hududga aylanadi.

Bu Beshariqda kamida 40 million dollarlik servis, savdo, sayyohlik va tibbiyot turizmi ob’ektlarini barpo qilish uchun katta imkoniyat.

Shuningdek, tumandan o‘tuvchi magistral avtomobil yo‘li bo‘yida savdo va servis ob’ektlarini tashkil qilib, kamida 500 nafar aholini daromadli qilish bo‘yicha jami 8 million dollarlik 60 ta loyiha tashabbuskorlari aniqlangan.

Sariqamish ko‘lida ekoturizm maskanlarini barpo qilish, ovchilik turizmini yo‘lga qo‘yish uchun tadbirkorlar 10 million dollar investitsiya kiritish taklifini bildirgan. Shu orqali Sariqamish ko‘li atrofiga har yili 50 ming nafar sayyohni jalb qilib, turizm xizmatlaridan qo‘shimcha 5 million dollar daromad topish mumkin.

Tumandagi 6 ta mahallada joylashgan sobiq mineral o‘g‘it saqlash omborlari negizida tadbirkorlar 21 million dollar investitsiya kiritish hisobidan meva-sabzavotni saqlash va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish tashabbusini bildirgan.

O‘zA