Nukusda mini futbol bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 10 aprelidan futbol va mini futbol sport turi bo‘yicha start berildi. Unda 16-30 yoshli mahalla jamoalari kuch sinashdi.

Musobaqalarga Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 452 ta mahalla yoshlaridan tashkil topgan jamoalar hamda 68 ta sektorning qizlar jamoasi g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

DXX kubogi doirasidagi futbol musobaqalarida 6 ming 360 nafar, mini futbol musobaqalarida 3 ming 392 nafar (544 nafar qiz) mahalla yoshlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra mini futbol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Xo‘jayli tumani “Mustaqillik” ovul fuqarolar yig‘ini jamoasi birinchi, Taxtako‘pir tumani “Taxtako‘pir” shaharcha fuqarolar yig‘ini jamoasi ikkinchi, Nukus tumani “Aqmang‘it” shaharcha fuqarolar yig‘ini jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Qizlar o‘rtasida Amudaryo tumani “Halimbek” ovul fuqarolar yig‘ini jamoasi birinchi, Kegeyli tumani “Jalpaq jap” ovul fuqarolar yig‘ini ikkinchi, Shumanay tumani “Aqjap” ovul fuqarolar yig‘ini jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, futbol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Amudaryo tumani “To‘lqin” ovul fuqarolar yig‘ini jamoasi uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, g‘olib jamoa 29 iyul kuni Ellikqal’a tumanida o‘tkaziladigan final o‘yinda aniqlanadi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA