Yevropa Ittifoqi mintaqadagi elektromobillar uchun infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan yangi qonunlarni qabul qildi. Ushbu qonunlarning asosiy qoidalaridan biri – tezyurar avtomagistrallarda muntazam vaqt oralig‘ida tez zaryadlash stansiyalarini o‘rnatish talabi hisoblanadi.
2025 yildan boshlab tez zaryadlash stansiyalari Trans-Yevropa transport tarmog‘ining har 60 kilometrida joylashtirilishi kerak bo‘ladi. Bu elektromobil egalarini qancha yo‘l yurishi mumkinligi haqidagi havotirlardan halos bo‘lishga yordam beradi, ayni paytda elektr transportining ommabop va hamyonbop bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatadi.
Yangi qonunlar tez zaryadlash stansiyalarining xususiyatlarini ham belgilab beradi: ular kamida 150 kVt/soat quvvatiga ega bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, 2026 yilga kelib Yevropada quvvati 400 kVt/soatdan kam bo‘lmagan zaryadlash qurilmalari mintaqaning asosiy yo‘nalishlariga joylashtirilishi kerak bo‘ladigan qonun kuchga kiradi. Bu elektromobilning quvvat olishini tezlashtiradi va uzoq masofaga sayohat qilishini osonlashtiradi.
Yevropalik amaldorlar mazkur chora-tadbirlar yevropaliklarni tokda yuruvchi avtotransport vositalarini xarid qilishlariga undashiga ishonchi komil, chunki, elektromobillardan keng foydalanishda zaryadlash stansiyalarining yo‘qligi asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolayotgan edi.
Shubhasiz, yangi qonunlar elektromobil sanoati uchun yaxshi tendensiya hisoblanadi, lekin moliyalashtirish bilan bog‘liq asosiy masala – tez zaryadlash stansiyalarini o‘rnatish katta mablag‘ni talab etadi. Loyihaning amalga oshishida ko‘plab manfaatdor tomonlar, shuningdek, hukumatning ishtiroki juda zarurdir. Bundan tashqari, zaryadlash stansiyalarining funksional mosligini ta’minlash va zaryadka protokollarini standartlashtirish uchun zaryadlash stansiyalari operatorlari va energiya ta’minotchilari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozim bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi tomonidan yagona standartlarni o‘rnatish turli markadagi elektromobillarni bir xil zaryadlash stansiyalarida quvvatlantirish imkonini beradi.
Elektromobillar uchun infratuzilmani rivojlantirishni endigina boshlagan aksariyat mamlakatlar Yevropa tajribasi bilan tanishib chiqishlariga to‘g‘ri keladi. Biroq, har qanday davlatda ham bunday loyihani amalga oshirish uchun mablag‘ va resurslar yetarli emas. Ehtimol, ularning bu poygada ishtirok etishlari shart emasdir, balki elektr transport vositalari samaradorligini oshirishga imkon beruvchi yangi texnologiyalarni hozircha kutganlari ma’quldir. Shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, zaryadlash stansiyalari tarmog‘i energetika sohasiga katta yuklama tushishiga sabab bo‘ladi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA.