Qirg‘iziston – Tojikiston sarhad uchastkalaridan birida chegaradosh hududlar aholisi o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan. Bu haqda Qirg‘iz Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (GKNB) chegara xizmati xabar bergan.

Voqea joyiga Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘linmasi xodimi yetib kelgan, hududga kiraverishda unga Tojikiston fuqarolari, Xo‘jai A’lo qishlog‘i aholisi hujum qilgan. Ta’kidlanishicha, keskinlik kuchayib ketmasligi uchun mas’ullar o‘rtasida muzokara olib borilyapti.

Qirg‘iziston Chegara xizmati respublika fuqarolarini vahima qo‘zg‘atmaslikka, davlat idoralari ko‘rsatmasiga rioya qilishga chaqirgan.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi, o‘z navbatida, chegaraviy mojaroda to‘rt nafar tojikistonlik yaralangani haqida xabar berdi. Hozir vaziyat barqarorlashdi, tomonlar vaziyatni o‘rganmoqda, dedi mas’ul xodim.

 

O‘zA