2024 yil O‘zbekiston tarixida muhim voqealar va yutuqlar bilan yodda qoldi. Ortda qolgan yil O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uchun ham samarali yil bo‘ldi.

O‘tgan yilning iyul-avgust oylarida Toshkent va Samarqand shaharlarida “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” mavzusidagi xalqaro kongress tashkil etildi. Oktyabr oyida esa “Sharq renessanslari fenomeni: saltanatlar, tamaddunlar, shaxslar va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro madaniy meros haftaligi o‘tkazilib, 300 nafardan ortiq olim ishtirok etishi ta’minlanadi.

Yil davomida mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan Markaz konsepsiyasi uchun mingdan ortiq takliflar va loyihalar taqdim etildi. Bu takliflar asosida Markazning platformasi beshta asosiy bo‘limga ajratildi. “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi” mega-loyihasi taqdim etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston bo‘ylab “Ma’rifat karvoni” targ‘ibot tadbirlari, “Buyuk allomalarimiz ilmiy merosi” mavzusida ma’rifiy dasturlar tashkil etildi. Islom sivilizatsiyasining ulug‘ mutafakkirlari va ularning hissasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyalar, jumladan, Imom Buxoriy faoliyatiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi.

Islom sivilizatsiyasi markazi va “O‘zbekiston tarixi” telekanali o‘rtasida memorandum imzolandi.

Markazning xalqaro hamkorlik ishlari diqqatga sazovor bo‘ldi. Delegatsiyalar Saudiya Arabistoni, Buyuk Britaniya, Malayziya va Turkiyaga safar uyushtirdi. Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida “O‘zbekiston – Islom sivilizatsiyasi markazi” mavzusida foto ko‘rgazma tashkil etildi. Turkiyada xalqaro konferensiya, Buyuk Britaniyada O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va xorijiy davlatlar vakillari o‘rtasida turli uchrashuv va tashriflar amalga oshirildi. Misr Turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi bilan memorandum imzolandi. O‘zbekistondagi Saudiya Arabistoni va Fransiya elchilari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Turkiya elchisi va Markaz direktori o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro maydonda O‘zbekistondagi islohotlarini yoritishga ham e’tibor qaratildi. “Euronews” va “CNN” telekanallarida O‘zbekiston madaniy, ma’rifiy va ijtimoiy hayotidagi yangiliklarni yoritilish yo‘lga qo‘yildi.

O‘zA