Bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining taqchilligi kabi ekologik muammolar dolzarb bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, aholi soni o‘sishi va iqtisodiyot tarmoqlarining kengayishi, ularning suvga bo‘lgan talabi ortib borishi suv muammosining yildan-yilga kuchayib borishiga sabab bo‘lmoqda.
Bu borada mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida sohada zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, suv xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi qabul qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyevning O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini amalga oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotini eshitdi.
— Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida aholini va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini suv bilan barqaror ta’minlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, suv xo‘jaligi ob’ektlarining ishonchli ishlashini ta’minlash hamda yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish belgilab qo‘yilgan, — dedi vazir. — Mazkur konsepsiya doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida sohada suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya tadbirlarini amalga oshirish, yerlarni lazerli tekislash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish hisobidan jami 3,1 milliard kub metr suv tejaldi. Shuningdek, suv resurslarini boshqarish jarayonlarining aniq va shaffofligini ta’minlash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Konsepsiya doirasida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning grant mablag‘lari hisobidan 61 ta suv xo‘jaligi ob’ektida suv resurslarini onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi “aqlli suv” qurilmalari, 15 ta kichik meteostansiya hamda joylardagi vaziyatni vizual nazorat qilish imkonini beruvchi kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Shu bilan birga, suv resurslarini monitoring qilish markazi tashkil etilgan. 1 ming 446 ta nasos stansiyasining suv miqdorini “onlayn” monitoring qilish qurilmalari o‘rnatilgan. Natijada nasos stansiyalarida suvning nazorati va hisob-kitobini onlayn tarzda yuritish, suvni operativ boshqarish, suvdan qat’iy limit asosida foydalanib suv resurslarining behuda sarfi oldini olish hamda elektr energiya sarfini onlayn monitoring qilish imkoni yaratilmoqda.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rgangan holda respublikamizda tomchilatib, yomg‘irlatib va diskret kabi usullarda sug‘orish, shuningdek, yerlarni lazer uskunali yer tekislagichlar bilan tekislash texnologiyalarini joriy qilish ustuvor vazifa sifatida tanlab olingan.
Masalan, 2018 yilgacha respublika bo‘yicha suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 28 ming gektarni tashkil qilgan bo‘lsa, bugunga kelib bu ko‘rsatkich 1 million gektarga yetgan. Jumladan, Konsepsiya doirasida 2022 yilda respublika bo‘yicha jami 398,4 ming gektarda tomchilatib, 31 ming gektarda yomg‘irlatib, 16,3 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi hamda 451,9 ming gektar maydonlar lazer uskunasi yordamida tekislangan.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan sohada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda hal etilishi lozim bo‘lgan ayrim kamchiliklar ham mavjudligi aytib o‘tildi. Xususan, sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmi va suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish tamoyillarini joriy etish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijrosiga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti. 2023 yilda melioratsiya ob’ektlarini ta’mirlash-tiklash loyihalari uchun ajratilgan 421,6 mlrd. so‘m mablag‘dan 62,6 mlrd. so‘m yoki yillik limitning bor yo‘g‘i 15 foizi o‘zlashtirilgan. Bu esa qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini yetishtirishda suv bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Sohada tomchilatib sug‘orish texnologiyalarining ayrimlari bir mavsum davomida foydalanilmoqda, ba’zi hududlar tuproq tarkibi ilmiy jihatdan o‘rganilmasdan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgani esa sug‘orish texnologiyalarining samaradorligga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, suv xo‘jaligi sohasiga ilmiy tadqiqotlardan keng foydalanish va innovatsion ishlanmalarni joriy etish borasida ham ishlar qoniqarli darajada emasligini deputatlar tanqidiy baholashdi.
Shuningdek, xalq vakillari joylardagi o‘rganishlari davomida suv ta’minoti hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida duch kelingan qator muammolarni o‘rtaga tashladilar. Vazir deputatlarning savollariga javob qaytarib, tegishli choralar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Parlament eshituvida deputatlar suv xo‘jaligini rivojlantirish, sohada suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va xizmat ko‘rsatish, zamonaviy boshqarish tamoyillarini joriy qilishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berdi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA