O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi tomonidan 2023 yil 14 iyunda tasdiqlangan media-tadbirlar rejasiga muvofiq Xo‘jayli tumaniga “Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish – bugungi davrning muhim talabi” mavzusida media-tur tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Xo‘jayli tumani hokimligi hamkorligida tashkil qilingan tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari dastlab tumandagi “Midasiatex Cluster» MCHJ paxta klasterining dalalarida joriy qilingan suv tejovchi texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur klaster rahbari Qaniyaz Atashev jurnalistlarga suv tejovchi texnologiyani o‘tgan yildan boshlab joriy qilishni boshlagani va hosildorlikni oshirishga erishilgach, joriy yil tejamkor texnologiyalarning yana bir necha usullarini tajriba qilib ko‘rayotgani haqida ma’lumot berdi. Xususan, paxtachilikning ilg‘or texnologiyalaridan biri ko‘chatni plyonka ostida yetishtirib, chigit ekilgan paytda bir yo‘la plyonka va tomchilatib sug‘orishning shlanglarini to‘shab amalga oshirayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Paxta yetishtirishda yana bir tajriba – paxta dalasiga maydalangan o‘simlik qoldiqlarini biogumus bilan aralashtirilgan holatda g‘o‘za jo‘yalariga to‘shash orqali namlikni saqlash, suvga bo‘lgan talabni kamaytirish va hosildorlikni oshirish bo‘yicha sinovdan o‘tkazilayotgan texnologiya haqida ham dala maydoniga borib, ma’lumotlar berdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur texnologiya orqali hosil yetishtirilganida, ya’ni o‘simlik qoldiqlari har xil miqdorda mulcha sifatida to‘shalganda, an’anaviy usulga nisbatan mavsumiy suv miqdori 12,2-16,4 mm/ga gacha, umumiy suv iste’mol miqdori 9,4-10,8 mm/ga gacha, 1 tonna hosil uchun sarflanadigan suv miqdori 19,5-20,9 mm/ga gacha kam sarflanishi aniqlangan.

Media-tur ishtirokchilari Xo‘jayli tumani “Samankol” OFY hududidagi baliqchilikni rivojlantirish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. “Savdo markazi” MCHJ rahbari Zaripbay Bekimbetovning ma’lumot berishicha, aholining baliq mahsulotiga bo‘lgan talabining yuqoriligini hisobga olib, mazkur loyihasini amalga oshirgan. Umumiy qiymati 4,4 milliard so‘mni tashkil qiladigan loyihani ishga qo‘shishda 3,4 milliard so‘m bank kredit mablag‘idan foydalanilgan. Media-tur davomida Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha tavsiyalar bo‘yicha tayyorlangan material va bukletlar tarqatildi. Shuningdek, yomg‘irlatib sug‘orish, ekin maydonlarini lazerli uskunalar yordamida tekislab, suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanayotgan bir guruh fermerlar o‘zlarining tajribalari va erishgan natijalari haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lumot berdi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA