O‘zbekiston Badiiy akademiyasi axborot xizmatiga ko‘ra, 2022 yilning 29 iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligini keng nishonlash bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi” ishlab chiqilib, tegishli tartibda tasdiqlangan edi.
Ushbu qo‘shma rejaga binoan Qozog‘iston Respublikasi poytaxti – Ostona shahrida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish nazarda tutilgandi.
Mazkur vazifa yuzasidan 2022 yil 20 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi qabul qilinib, O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga haykalni bronzadan yasash va manzilga yetkazish vazifasi topshirilgan edi.
Kuni kecha ulug‘ mutafakkir bobokalonimizning haykali Ostona shahrida o‘rnatildi.
Balandligi to‘rt metrdan ortiq bo‘lgan mazkur haykal O‘zbekiston xalq rassomi, haykaltarosh Jasvant Annazarov tomonidan yaratildi.
Shuni aytish kerakki, bugungi kunga qadar Alisher Navoiy haykali dunyoning Tokio, Shanxay, Vashington, Moskva, Minsk, Boku, Mozori-Sharif, O‘sh, Dushanbe, Seul kabi shaharlarida o‘rnatilgan. Bularning barchasi asrlar osha hikmatlari hamon barhayot bo‘lgan, insoniyatni poklikka, to‘g‘rilikka, halollikka, tinchlikka, hamjihatlikka, ma’rifatga da’vat etgan hazrati Alisher Navoiy bobomizning ijodiga bo‘lgan cheksiz ehtiromning yorqin namunasidir.
N.Usmonova,
O‘zA