FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l tumanidagi «Madaniyat» mahalla fuqarolar yig‘inida 5 ming 286 nafar aholi istiqomat qiladi.
Mahallada kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar bajarilmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida mahalladagi 41 nafar ishsiz fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, 10 nafar kishi jamoat ishlariga jalb etilgan bo‘lsa, yana 76 nafar fuqaroga o‘zini o‘zi band qilishi va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun hokim yordamchisi tavsiyasi bilan 1 milliard 923 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.
Sveta Qoraboyeva o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolardan. Quyonchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun unga 15 million so‘m bank krediti ajratilgan. Hozirda uning xonadonida 80 dan ortiq quyon parvarishlanmoqda. Yana bir fuqaro Dilfuza Qurbonboyevaga yangi tikuv uskunasini sotib olishi va uyida mahsulot ishlab chiqarishi uchun 20 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit berilgan. Ular kabi yana ko‘plab yakka tadbirkorlar imtiyozli kredit mablag‘laridan samarali foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarib, mahalliy bozorlarimizga taqdim etmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA