“Yeuronews” xabar tarqatishicha, Italiyaning shimoli-sharqida shu hafta kuzatilgan issiq harorat o‘z o‘rnini yirik do‘l aralash dovulga topshirdi. Noqulay ob-havo Veneto viloyatida ayniqsa kuchli sezilib, 100 dan ziyod kishi jarohat oldi. Do‘l aralash yog‘ingarchilik oliy navli vino yetishtiriladigan uzumzorlarga jiddiy ziyon keltirgan.
Xorvatiya va Sloveniya ham bo‘ronli ob-havo ta’siri ostida qolib, o‘ndan ortiq odam jabrlangani aniqlandi.
Gretsiyada esa jazirama domi chekinmayapti. Afina yaqinida o‘t o‘chiruvchilar +40 darajada tabiiy yong‘inga qarshi kurashmoqda. Olov o‘chog‘ini so‘ndirish uchun samolyot, vertolyotlar jalb qilingan.
Ta’kidlanishicha, hafta so‘ngida Yunonistonda harorat Selsiy bo‘yicha +45 darajaga chiqishi mumkin. Mamlakat Madaniyat vazirligi barcha qadimiy, diqqatga sazovor ob’ektlar, jumladan, Afinadagi Akropolni 23 iyulgacha turistlar uchun yopib qo‘ydi. Rodos orolida payshanba kuni favqulodda vaziyat e’lon qilindi, tog‘li hududlarda odamlar xavfsiz joyga ko‘chirilyapti.
Issiq boshqa qit’alarda ham kuchaymoqda. AQSHda havo harorati yilning shu davriga xos bo‘lmagan tarzda qizidi. Qator shtatlarda yuqori xavf e’lon qilingan. Las-Vegasda kun Selsiy bo‘yicha 47 darajaga qizishi kutilyapti.