O‘zbekiston para sportchilari Fransiyaning Parij shahrida o‘tgan para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida 6 oltin, 7 kumush va 4 bronza, jami 17 medalni qo‘lga kiritib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ushbu nufuzli musobaqa g‘oliblari, sovrindorlari va ishtirokchilarini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.
Ushbu nufuzli musobaqada paralimpiyachilarimiz dunyoga mamlakatimizning ulkan salohiyatini namoyon qildi. Ajdodlari buyuk millatning avlodlari ham buyuk ishlarga qodirligini, yurtimiz yoshlarining mardlik va jasoratda, shijoat va matonatda, iqtidoru iste’dodda hech kimdan kam emasligini, aksincha, manaman degan davlat yoshlaridan ustun ekanini isbotladi.
– Qizim jahon chempionatiga ketish oldidan albatta oltin medal bilan qaytaman, deb va’da bergandi, – deydi jahon chempioni Asila Mirzayorovaning onasi Dilfuza Hasanova . – U va’dasining ustidan chiqib, yuzimizni yorug‘ qildi. Asilaning bu g‘alabasi butun xalqimizning yutug‘i, mamlakatimizda yaratilgan keng imkoniyatlar, yoshlarga ko‘rsatilgan mehr va e’tiborning samarasidir. Umid qilamanki endi Paralimpiya o‘yinlarida ham oltin medalni qo‘lga kiritadi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z qiziqish va intilishiga mos kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, xalqaro maydonlarda matonatini, irodasini, jasoratini ko‘rsatishini ta’minlash doimiy e’tiborda.
Fransiyaning Parij shahrida o‘tgan para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston sportchilarining g‘alabaga bo‘lgan qat’iy ishonchi, tug‘ilib o‘sgan Vatanini baralla madh etishga bo‘lgan intilishi ular ko‘rsatgan natijalarda butun bo‘y basti bilan namoyon bo‘ldi.
Sportchilarimiz Paralimpiya o‘yinlarida erishgan g‘alabalari bilan nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo tarixida yana bir sahifa ochdi. Paralimpiyachilarimiz sharafiga O‘zbekiston nomi, mustaqil mamlakatimiz madhiyasi baralla yangradi, bayrog‘imiz baland hilpiradi. Ular qayd etgan natijalar, rekordlar, qo‘lga kiritgan medallar jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etildi.
Har qanday g‘alaba, erishilgan natija taqqoslanganda yanada zalvorli ko‘rinadi. Birgina misol, para atletlarimiz 2019 yilda BAAda o‘tkazilgan jahon chempionatida 4 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza, jami 8 ta medal qo‘lga kiritgan edi. Bu galgi musobaqada esa 6 oltin, 7 kumush, 4 bronza jami 17 medal. Bu esa, albatta o‘tgan 4 yilda para atletlarimiz sezilarli darajada tajribalari oshgani va yangi marralarni zabt etishga tayyorligini bildiradi.
Sportchilarimiz faqat medallarni qo‘lga kiritibgina qolmay jahon rekordlarini ham yangilab, o‘zlarining ulkan salohiyatga, iste’dodga ega, yuragi shijoatga to‘la ekanini isbotladi. Nufuzli musobaqada 5 nafar sportchimiz – Doniyor Saliyev, Izzat Turg‘unov va Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash bahslarida, yadro uloqtirishda Bobur Omonov, nayza uloqtirishda esa Nurxon Qurbonova jahon rekordini yangiladi. Bundan tashqari terma jamoaning ko‘plab sportchilari o‘z shaxsiy rekordlarini ham aynan Parijdagi jahon chempionatida o‘rnatdi.
Shunisi ahamiyatliki, 19 nafar para atletimiz kelgusi yil aynan Parij shahrida bo‘ladigan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyani ham qo‘lga kiritdi.
Jahon chempionatining T11 klassida uzunlikka sakrash bahslarida Asila Mirzayorova, F54 klassida nayza uloqtirish dasturida Nurxon Qurbonova, F41 klassida yadro uloqtirish dasturida Bobur Omonov, T12 klassida uzunlikka sakrashda Doniyor Saliyev, T36 klassida uzunlikka sakrashda Izzat Turg‘unov, F35 klassida yadro uloqtirishda Husniddin Norbekov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, o‘z yo‘nalishlarida Kubaro Hakimova, Qudratulloxon Ma’rufxo‘jayev, Yorqinbek Odilov, Nozimaxon Qayumova, Mohigul Hamdamova, Yoqutxon Xolbekova hamda Safiya Burxonova kumush, Tolibboy Yo‘ldoshev, Elbek Sultonov, Nurxon Qurbonova va Dilafruz Ahmadxonova bronza medalini qo‘lga kiritdi.
– Jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qilish baxtiga va ikki medalni qo‘lga kiritishga muyassar bo‘lganimdan xursandman, – deydi jahon chempioni Nurxon Qurbonova. – Nufuzli musobaqada shohsupaga ikki bora ko‘tarilishimda O‘zbekistonga albatta medal bilan qaytishim, ota-onam, ustozlarim, xalqimizning ishonchini oqlashim kerak, degan qat’iy ishonch menga har tomonlama kuch-quvvat berdi. Zero, mustaqil Vatanimiz sharafini xalqaro maydonlarda himoya qilish, biz, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan yurtimizga munosib farzand bo‘lish har birimizning eng ulug‘ maqsadimizdir.
Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston sportchilari Parij shahri mezbonligida o‘tgan jahon chempionatida o‘z mahorati, matonati va shijoatini to‘la namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Sportchilarimiz kelajakdagi nufuzli musobaqalarda, jumladan, 2024 yili Fransiyaning Parij shahrida bo‘ladigan XVII Paralimpiya o‘yinlarida bundan-da salmoqli natijalarga erishishi shubhasiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA