Yurtimizda chorvachilik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash sohasida ilg‘or xorijiy texnologiyalarni joriy etish, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish maqsadida Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik qilinmoqda.
Fransiya taraqqiyot agentligi 2022−2026 yillarda O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirishni moliyalashtirish maqsadida 100 million Yevro kredit ajratmoqda. Mablag‘ 15 yil muddatga, shu jumladan, 4 yillik imtiyozli davr bilan berilmoqda. Loyiha dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida amalga oshiriladi. Loyiha doirasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning 50 foizdan ziyodi moliyalashtirilgach qolgan hududlarda ham joriy etiladi.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashida Fransiya taraqqiyot agentligining Toshkent shahridagi bosh ofisi vakolatxonasi vakillari bilan 5 yilga mo‘ljallangan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish borasidagi masalalar muhokama qilindi.
Loyihaning umumiy qiymati 147,7 million Yevro bo‘lib, shundan 100 million Yevroni Fransiya taraqqiyot agentligi, 29,96 million Yevro benefitsiarlar, 17,1 million Yevro O‘zbekistonga tegishli.
–Ushbu loyiha doirasida kengash chorvachilikni rivojlantirish borasidagi bir qator imkoniyatlarini ishga tushiradi, – deydi Kengash raisi o‘rinbosari T.Sattorov.– Ayni vaqtda Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan turli hududlarda faoliyat yuritayotgan 80 fermer xo‘jaligiga 15 million Yevro atrofida kredit ajratildi.
Uchrashuvda T.Sattorov tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, Quva, Yangiyo‘l, Chiroqchi, Jomboy tumanlarida tashkil etilgan o‘quv-amaliy markazlarda tashkil etilgan o‘quv kurslari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Chiroqchi tumanida tashkil etilgan “Tomorqachilik ilmiy-milliy markazi tomorqa xizmati” MCHJni tashkil etish asoslari va yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Tashrif yakunida ikkala tomon hamkorlikda hududiy o‘quv markazlarida chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, ichki va tashqi bozorlarda sotish hamda o‘quv kurslarini tashkil etishda yoritish yuzasidan kelishib oldi.
Ma’lumot uchun: 1941 yilda tashkil etilgan Fransiya taraqqiyot agentligi dunyo bo‘yicha 85 xorijiy vakolatxonasiga ega. Fransiyaning dengiz orti hududlari va 115 mamlakatida iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik, gender tenglik, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlaridagi 4 mingdan ziyod loyihani bajarishda ko‘maklashmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA