Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joriy yilning 17-24 iyul kunlari “Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” – “Cyber-Week” kompleks targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkaziladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2023 yil 11 iyuldagi “Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” doirasida targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, hududda kiberjinoyatlarning oldini olish hamda aholining kiber olamdagi tahdidlarga qarshi immunitetini oshirish maqsadida joriy yilning 17-24 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi, manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazish belgilandi.

Shu munosabat bilan Nukus shahridagi Yoshlar markazida vazirliklar, o‘quv yurtlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida internet va kompyuter texnologiyalari bilan bog‘liq sodir etilayotgan jinoyatlar keskin oshib bormoqda. Joriy yilning olti oyida ushbu turdagi jinoyatlar 2022 yilning shu davriga nisbatan qariyb 20 foizga oshgan. Ushbu jinoyatlarning sodir etilishi oqibatida fuqarolarga yetkazilgan zararning miqdori 500 million so‘mdan ortiqni tashkil qiladi. Bu kabi jinoyatlar bo‘yicha kelib tushgan arizalarning 68 foizini 19 yoshdan 35 yosh oralig‘idagi fuqarolar tashkil qiladi.

Tadbirlar davomida innovatsion targ‘ibot usullaridan foydalangan holda, barcha aholini, shu jumladan, ishchi-xizmatchilarni, yoshlarni ko‘proq qamrab olish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, targ‘ibot tadbirlarining samaradorligini oshirish uchun aholining turli qatlami o‘rtasida 7 turdagi tanlov o‘tkaziladi.

Jumladan, imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘rtasida “Bank kartasi kodini hech kimga bermayman”, tibbiyot xodimlari o‘rtasida “Internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanaman”, umumta’lim o‘quvchilari o‘rtasida “Eng faol maktab”, maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘rtasida “Eng faol maktabgacha ta’lim tashkiloti”, blogerlar o‘rtasida “Eng yaxshi kontent”, oliy ta’lim muassasalarining talabalariga mo‘ljallangan “Innovatsion yondashuv”, profilaktika inspektorlari o‘rtasida “Eng yaxshi mahalla” tanlovlari g‘oliblari munosib taqdirlanadi.

–Mazkur tanlovlarni o‘tkazishdan maqsad aholini kiberjinoyatlardan muhofaza qilish, fuqarolarning internetdan va zamonaviy texnologiyalardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Lochinbek Atoyev. – Shuningdek, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik, zararli o‘yinlarni o‘ynamaslik bo‘yicha aholini ogohlikka chorlash bo‘lib hisoblanadi. Biz barchamiz hamkorlikda kurash olib borsak, ijobiy natijaga erishamiz.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV, O‘zA