Bobur yurti Andijonning eng xushmanzara go‘shasi Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali boshlandi.

Festivalda Rossiya, Fransiya, Germaniya, Shvetsiya, Chexiya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Gretsiya, Serbiya singari dunyodagi bir qator davlatlarning estrada san’ati guruhlari, xonandalari ishtirok etib, o‘zlarining milliy san’atlarini namoyish etadi.

Festivalning asosiy tadbirlari – xorijiy san’atkorlarning chiqishlari kech oqshom festivalning ochilish marosimidan so‘ng boshlanadi. Mehmonlar bugun dunyoga mashhur “Doktor Alban”, Boney M disko-guruhi hamda Otawan guruhlarining chiqishlaridan bahramand bo‘ladi.

Xonobod shahrining markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida o‘zlari uchun ajratilgan maydonlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda yurtimiz viloyatlaridan tashrif buyurgan ijodiy guruhlar, hunarmandlar o‘zlarining o‘ziga xos san’ati hamda hunarmandchilik an’analarini namoyish etmoqda.

– Festivalda viloyatdan “Jarqo‘rg‘on” folklor-etnografik jamoasi hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Norali Allanazarov o‘z badiiy dasturlari bilan ishtirok etadi, – deydi Surxondaryo viloyati Madaniyat va turizm boshqarmasi boshlig‘i Davron Boboyorov. – Bundan tashqari, surxondaryolik hunarmandlar tomonidan viloyatning o‘ziga xos hunarmandchilik, shuningdek, an’ana va urf-odatlari namoyish etiladi.

Festivalda respublikamizning har bir viloyati nafaqat san’at, balki turizm, hunarmandchilik yo‘nalishidagi imkoniyat va salohiyatini namoyon etadi.

– Milliy qo‘g‘irchoqlar tayyorlash faoliyati bilan shug‘ullanaman, – deydi asakalik hunarmand Yoqutxon O‘rinboyeva. – Festival doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmalarda 20 dan ortiq turdagi mahsulotlarim bilan ishtirok etyapman. Ishonamanki, milliy qo‘g‘irchoqlarimiz festival mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otadi.

Festivalning rasmiy ochilish marosimi bugun kech oqshomda o‘tkaziladi.

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA