Shu kunlarda Chexiya Respublikasi sanoat va savdo vaziri Yozef Sikela boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Delegatsiya a’zolari kecha Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi Iqtisodiy, sanoat va ilmiy texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston – Chexiya qo‘shma biznes forumi ham tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston va Chexiya munosabati yil sayin rivojlanib borayotgani, hamkorlik yangi bosqichga chiqayotgani e’tirof etildi. Ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, tomonlarning ulkan salohiyatidan to‘liq foydalanish, yangi istiqbolli loyihalarni ishga tushirish, aloqalarni jadallashtirish, o‘zaro munosabat ko‘lamini kengaytirish borasida so‘z bordi.

Forumda qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda Chexiya kapitali ishtirokida 50 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 2,6 barobar oshgan. Chexiya Respublikasi mamlakatimizning Yevropadagi eng muhim hamkorlaridan biri. So‘nggi yillarda, ayniqsa, iqtisodiy, investitsiyaviy munosabat tobora mustahkamlanib, o‘zaro savdo uchun qulay muhit yaratildi. Natijada tovar va xizmatlar almashinuvi ko‘lami yil sayin kengaymoqda. Xususan, 2022 yil davomida o‘zaro savdo miqdori 184,8 million dollar, jumladan, eksport – 30,5 million, import 154,2 million dollarni tashkil etdi.

– O‘zbekiston biznes hamjamiyati bilan yana bir bor ko‘rishib, ochiq va samimiy muloqot qilib turganimizdan mamnunmiz – deydi Y.Sikela. – Bunday tadbirlar ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlaydi, savdo-iqtisodiy yo‘nalishdagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqadi. Hozir Markaziy Osiyoda milliy resurslardan to‘g‘ri foydalangan holda iqtisodiyotni rivojlantirish, mintaqaning jahondagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan ulkan harakatlar olib borilyapti. Jumladan, O‘zbekiston bilan ham turli yangi yo‘nalishlarda loyihalarni hayotga tadbiq etish ustida ishlayapmiz. Bugungi kunga kelib, yiliga besh foizlik o‘sish ko‘rsatkichiga erishdik. Biz O‘zbekistonni eng ishonchli hamkorlardan biri sifatida bilamiz. Uchrashuvda investitsiya, barqaror rivojlanish bo‘yicha ikki tomon uchun ham manfaatli sheriklik yuzasidan fikr almashildi. Bu davlatlarimiz, xalqlarimiz uchun juda foydali bo‘ladi.

Forumda mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyatlar, erkin iqtisodiy zonalardagi qulaylik, tabiiy boyliklarimiz, bank-moliya, sug‘urta sohalarida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida “V2V” shaklida uchrashuvlar tashkil qilindi. Tadbirda mahalliy hamda chexiyalik tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etib, O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqboli, korxonalar o‘zaro hamkorligini yanada jadallashtirish bo‘yicha fikr almashildi.

Anjuman davomida respublikamizda biznes yuritish bo‘yicha chex kompaniyalari tajribasi taqdimoti o‘tkazildi. Yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish, investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Go‘zal Sattorova,

Muhammad Amin (surat), O‘zA