Huquqiy munosabat
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlar uchun ta’tillarning ayrim turlari nazarda tutilgan.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bilan mavzu yuzasidan suhbatlashamiz.
– Mehnat kodeksining 213-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlar uchun ta’til turlari nazarda tutilgan. Jumladan, har yilgi mehnat ta’tili, ijtimoiy ta’tillar, ish haqi qisman saqlanadigan ta’til, ish haqi saqlanmaydigan ta’til kabilar.
– Mehnat faoliyatini ilmiy faoliyat bilan birga olib borayotgan xodimlar, yillik mehnat ta’tilidan tashqari yana ish haqi va lavozimi saqlangan holda ta’til olishi mumkinmi?
– Albatta, mumkin. Mehnat kodeksining 387-moddasiga ko‘ra, ijodiy ta’tillar olish mumkin. Ijodiy ta’tillar quyidagicha hisoblanadi.
Xususan, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga doir dissertatsiyani yakunlash uchun hamda darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar qo‘lyozmalarining mualliflariga — uch oygacha, fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olishga doir doktorlik dissertatsiyani yakunlash uchun — olti oygacha.
Shuningdek, mualliflar jamoalari tomonidan darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarini yozish chog‘ida mualliflar jamoasi a’zolaridan biriga mualliflar guruhining barcha a’zolari imzolagan yozma arizaga muvofiq ijodiy ta’til beriladi. Mualliflar ta’tilni o‘zaro taqsimlashga ham haqli.
Ilmiy daraja olishga da’vogarlarga, shuningdek darsliklarning yoki o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarning mualliflariga navbatdagi yillik mehnat ta’tillari ular ijodiy ta’tillardan foydalanganidan qat’i nazar beriladi.
– O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun yillik mehnat ta’tili berish tartibi qanday?
– Mehnat kodeksining 418-moddasiga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarga davomiyligi kamida o‘ttiz kalendar kun bo‘lgan yillik mehnat ta’tili beriladi va ular bu ta’tildan yilning o‘zlari uchun qulay bo‘lgan istalgan vaqtida foydalanishi mumkin.
Agar yillik mehnat ta’tili berilayotgan ish yili xodim o‘n sakkiz yoshga to‘ladigan va to‘lib bo‘lganidan keyingi davrlarni qamrab olsa, ta’tilning davomiyligi xodim o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar va o‘n sakkiz yoshga to‘lganidan keyingi ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi. O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarni yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
– Mehnat shartnomasini bekor qilishda o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun qanday qo‘shimcha kafolatlar mavjud?
– Mehnat kodeksining 421-moddasiga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlar bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga, mehnat shartnomasini bekor qilishning umumiy tartibiga rioya etishdan tashqari, mahalliy mehnat organining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
– O‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga yillik mehnat ta’tillari berish tartibi qanday?
– Mehnat kodeksining 439-moddasiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga yillik asosiy ta’tillar, shuningdek o‘rindoshlar haqli bo‘lgan qo‘shimcha mehnat ta’tillari asosiy ish joyidagi yillik mehnat ta’tili bilan bir vaqtda beriladi.
Agar o‘rindoshlik asosida ishning birinchi ish yilida xodim olti oydan kam ishlagan bo‘lsa, o‘rindoshlik asosida ishda yillik mehnat ta’tili uchun ishlangan vaqtga mutanosib ravishda haq to‘lanadi.
Birinchi ish yilida olti oy ishlagan o‘rindoshlarning yillik mehnat ta’tiliga, shuningdek ishning keyingi yillari uchun yillik mehnat ta’tiliga o‘rindoshlik asosida ishning o‘rtacha ish haqidan kelib chiqqan holda, odatdagi tartibda haq to‘lanadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA