O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali “Bugungi psixologlar nimalarni targ‘ib qilyapti?” mavzusida bo‘lib o‘tgan ovozli chatda O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi a’zosi, oila va bolalar psixologi Shoira Isoqova ekspert sifatida ishtirok etdi.
—Hozir ayrim psixologlar ayollarga ko‘proq oilani sevishni, qadrlashni emas, o‘zini sevishni, qadrlashni o‘rgatyapti. Aslida ayolning vazifasi nimalardan iborat?
— Hozirgi psevdopsixologlar aholiga yetkazayotgan ma’lumotlarini ko‘proq xorijdagi psevdopsixologlar bildirgan fikrlardan olishyapti. Afsuski, ularning fikrlarida ko‘p hollarda o‘zimizga xosligimiz, millatimizga yarashadigan xatti-harakatlar kuzatilmaydi.
Ayollarga o‘zingizni seving, degan jumlani noto‘g‘ri tushuntirib berishyapti. Masalan, go‘zallik salonlariga boring, o‘zingizni yaxshi ko‘ring, o‘zingiz istagan narsani qiling, deyishadi. Yo‘q, inson o‘zi istagan narsani qilolmaydi. Hayotda ijtimoiy odoblar, oilaning o‘zini odoblari bor. Ayol turmush o‘rtog‘idan ruxsat so‘ramasdan to‘g‘ri kelgan joyga ketolmaydi. Bu dinimiz nuqtai nazaridan ham mumkin emas.
Ayrim ayollar me’yorni bilishmayapti. Men o‘zimni sevaman, boshqaning xizmatini qilmayman, xizmatkor emasman, degan fikrni mahkam ushlab olishmoqda. Aslida, uydagi saranjom-sarishtalik, farzandlarga e’tibor ayolning zimmasidaku. Bular bizning ona sifatidagi vazifalarimizdir. Oilani o‘ylamasak, farzandlarimizga g‘amxo‘rlik qilmasak, bu xudbinlikdan boshqa narsa emas.
To‘g‘ri, ayol o‘zligini anglashi, tushunishi, his qilishi, oilada ham, jamiyatda ham o‘rni borligini bilishi kerak. Biz bunga qarshi emasmiz. Biz sharqona gender tarafdorimiz.
—Psixologlar ham oila mavzusida gapirayotganida hushyor bo‘lishlari kerak. Oilalarni yaxshi tomonga emas, yomon tomonga o‘zgartirib qo‘yishlari mumkin, shunday emasmi?
— Oila haqida gapirish uchun psixolog ham nazariy bilim, ham amaliy tajribaga ega, ko‘pni ko‘rgan va yaxshi ustozlardan ilm olgan bo‘lishi kerak. Eng muhimi, oila haqida gapirayotgan odam farzandlar tarbiyalagan, qaynona-qaynota ko‘rgan, murosai madora qila olgan bo‘lishi zarur.
Haqiqiy mutaxassislar faoliyatini bog‘chadan, maktabdan, kollejlardan boshlab, sekin-astalik bilan davom ettirib keladi. Ya’ni, quyi pog‘onadan boshlab tajriba to‘playdi. Shunda gapirayotgan gaplarining ma’nosi va odamlarga foydasi bo‘ladi.
— Soxta psixologlarni nazorat qilish mumkinmi?
— Hozir kim bekorchi bo‘lsa, o‘sha psixolog, motivator, izoterik. Bu soha vakillari qo‘ziqorindek ko‘payib ketdi. Ayrim psixologlar hamma mavzularni omuxta qilib, kerak bo‘lmaydigan ma’lumotlarni xalqimizga singdirishga harakat qilishyapti. Bu millatning o‘zligini yo‘qotib qo‘yishigacha olib keladi. Men bu haqda juda ko‘p chiqishlarimda aytyapman. Lekin negadir mutasaddilar intervyularimga javob qilishmayapti. Bunday soxta psixologlar qayerdan paydo bo‘lyapti, qaysi tashkilotdan chiqib qoldi, degan savolni o‘rganib, e’tirozlarimizga javob berishlari kerak.
G‘alvirni suvdan ko‘taradigan vaqt keldi. Respublikamizdagi ma’naviy-psixologik muhit, ayniqsa, ayollarimizning ongini buzayotgan soxta psixologlarni nazorat qilish zarur deb o‘ylayman. Biz psixologlar faoliyatini tartibga soluvchi qonunni taqdim etganmiz.
N.Rahmonova,
A.Sodiqov (video) O‘zA