Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus aksiyadorlik tijorat “O‘zsanoatqurilishbank” xizmatlar ofisining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etib, yig‘ilganlarni yangi binoning ochilishi bilan qutladi. Zamonaviy talablar va standartlar asosida barpo etilgan bank xizmatlari ofisi yangi binosi aholi, shu bilan birga, xorijiy investorlar uchun barcha qulay sharoitlarga ega.Ta’kidlash joizki, mazkur bank ko‘p yillardan buyon mamlakatimizning sanoat va qurilish sohalarini rivojlantirishga hissa qo‘shish bilan birga, moliya, kredit siyosati, davlat dasturlari doirasidagi tadbirlarda, ijtimoiy, iqtisodiy yo‘nalishlardagi islohotlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida bank tomonidan umumiy qiymati 2,4 trillion so‘mlik 185 loyihani amalga oshirish belgilangan bo‘lsa, shundan bugungi kunga 160 loyiha ishga tushirilib, 2 ming 550 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.

– Bir necha yildan buyon mazkur bank bilan hamkorlikda faoliyat olib boramiz, – dedi tadbirkor M.Tanirbergenov. – Zamonaviy, barcha shart-sharoitlarga ega yangi binoning foydalanishga topshirilishi bizga yanada keng imkoniyatlar beradi. Bundan barchamiz mamnunmiz.

Tadbir ishtirokchilari yangi binoda xodimlarga hamda mijozlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA