Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi axborot agentliklari uyushmasi (UNA) elektron sahifasida Prezidentimizning lavozimga kirishish marosimiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Ushbu maqola uyushmaning “Twitter” ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntiga ham joylashtirildi.

Maqolada ta’kidlanganidek, mamlakatimiz parlamenti – Qonunchilik palatasi va Senati qo‘shma yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga kirishish marosimida davlat rahbari kelgusi yetti yil uchun yangi muddatni qo‘lga kiritgach, tantanali qasamyod qildi.

“Prezident o‘z nutqida mamlakatning kelgusi yetti yilga rejalashtirilgan strategik maqsadlarini o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” haqida ma’lumot bera turib, ijtimoiy sohani rivojlantirish, tadbirkorlik imkoniyatini kengaytirish, O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya jalb etish kabi muhim masalalarga e’tibor qaratdi”, – deya qayd etadi IHT UNA nashri.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, mazkur tuzilma 1972 yil tashkil etilgan, 2017 yil axborot agentliklari uyushmasiga aylantirilgan. Hozir 57 davlat a’zo UNA uch tilda faoliyat olib boradi. Uyushmaning axborot-elektron platformasida xabar va maqolalar 15 tilda, jumladan, o‘zbek tilida ham joylab boriladi.

O‘zA