O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli dramaturg, adib Alp Jamol tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy kecha hamda “Mehribonlar” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

Mazkur uyushma raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda buyuk o‘zgarishlar kechayotgan shu kunlarda ustoz ijodkorlarning tavallud sanasi, xotira yig‘ilishlarining tashkil etilishi Prezidentimizning adabiyotga, ma’naviyat-ma’rifatga bo‘lgan e’tibori yuksak namunasi ekanini ta’kidladi.

– Alp Jamoldek taxallus ostida katta fojea – ijodkorning qayg‘uli qismati, ikki nafar norasida farzandining taqdiri bor, – dedi Sirojiddin Sayyid. – Uning asarlarida tilga olingan mavzular hamon dolzarb, eskirmaydigan mavzulardir. Alp Jamolning “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi”, “Televizion miniatyuralar teatri” ko‘rsatuvlari bugun ham juda dozarbdir.

–Asarlari bugungi kunga ham xizmat qilayotgan ijodkorlarning xotirasini ardoqlash burchimizdir, – dedi ustoz jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. – Ularning jasorati, jur’ati, qat’iyati ham bugun juda kerak bo‘lmoqda. Hayotning achchiq sabog‘i shundayki, ulug‘likka sira intilmagan, sodda va samimiy  insonlarning qadrini ularni yo‘qotganimizdan keyingina anglaymiz. Haqiqiy asarlarning tili, qahramonlari, ma’no-mazmuni sira o‘zgarmas ekan. Alp Jamoldek ijodkorning asarlari tili o‘zbekona lutf, askiya, qochirimlarga uyg‘un ekani bilan ahamiyatlidir.

Taniqli yozuvchi va jurnalist Xurshid Do‘stmuhammadning ta’kidlashicha, Alp Jamol asarlarida tilga olingan illatlar bugun ham jamiyat murosasizlik bilan kurash olib borishi kerak bo‘lgan kamchiliklardir.

–Alp Jamoldek ijodkorning xotira tadbirida ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz, – dedi Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti o‘qituvchisi Leyla Najafzoda. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Uchinchi Renessans haqida ko‘p gapiryaptilar. Ayni jihatga Yevropada ham katta e’tibor qaratilmoqda. Nazarimda bu Renessans sari yo‘l o‘zbek ijodkorlarining asarlarini ularning original tilida o‘qish bilan boshlanadi. Xorijlik o‘quvchilar Alisher Navoiy, Alp Jamoldek ijodkorlar asarini o‘zbek tilida mutolaa qilishni istaydi.

Tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev, taniqli rejissyor Mirabbos Mirzaahmedov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov va boshqalar Alp Jamoldek taxallus bilan ijod qilib millionlab yuraklarni zabt etgan Jamoliddin Asomiddinov 200 dan ortiq hajviy hikoya, intermediya muallifi ekanini ta’kidladi. Alp Jamolning “Toshteshar”, “Jafoga vafo”, “Quvg‘in”, “To‘ydagi tugun”, “Mehribonlar”, “G‘izg‘izon” kabi asarlari viloyat va poytaxt teatrlarida sahnalashtirilgan. Shu zayl Alp Jamol o‘zbek adabiyotiga, dramaturgiyasiga, hajviyotiga, telejurnalistikasiga baholi-qudrat hissa qo‘shgan ijodkordir.

–Bugun televideniyega Alp Jamoldek ijodkorlar yetishmaydi, – dedi taniqli jurnalist, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov. – Alp Jamolni Teleminiatyuralar teatrining qiroli deb atash mumkin. Ulug‘ ijodkorlarning qadriga yetaylik, ijodini o‘rganaylik.

“Mehribonlar” kitobida taniqli dramaturg, milliy teleminiatyuralar teatri ko‘rsatuvi asoschilardan biri haqida  zamondoshlar xotiralari, ijodkorning murakkab hayot yo‘li, dunyoqarashi ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi.

Xotira tadbirida Alp Jamol ijodining ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi. Ijodkor haqidagi iliq xotiralar yodga olindi. Marhum ijodkorning farzandiga Alp Jamolni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka qabul qilish bo‘yicha guvohnoma topshirildi. Yig‘ilganlarga “Mehribonlar” kitobi taqdim etildi.

 

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri