Misr ommaviy axborot vositalari Kena muzofotida Al-Alikat qishlog‘ida odamlar orasida noma’lum xastalik tarqalgani haqida xabar tarqatishmoqda. Qishloq Qohira shahridan janub tomonda joylashgan.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi noxush xabar tarqalgan joyga tibbiy guruh jo‘natgani haqida ma’lum qildi. Ular bemorlardan va  atrof-muhitdan namunalar oladi.

Avvalroq Cairo24 portali va mamlakatdagi boshqa bir qator ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Al-Alikat qishlog‘ida 200 ga yaqin kishida g‘alati kasallik qayd etilgan. Xastalik alomatlari tana haroratining ko‘tarilishi, lanjlik, bosh og‘rig‘i va kuchli charchoq ko‘rinishida kechmoqda. Kuzatuvchilar Denge bezgagi bo‘lishi mumkin, deyishmoqda.

Misr sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Amr Qandil Sada el-Balad telekanaliga intervyu berar ekan, mutaxassislar qishloqda kuniga ikki marotaba pestitsid sepayotgani, tahlilga chivinlar va oqova suvlardan namuna olinayotganini ta’kidlagan.