Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni rivojlantirish va hamjamiyatga to‘laqonli a’zo bo‘lish Turkiya tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Binobarin, Anqara bilan hamkorlik qilish YeIga ham foyda keltiradi, dedi respublika vitse-prezidenti Jevdat Yilmaz.

“Yevropaga integratsiya jarayonida biz doimo tashqi savdoning yarmini tashkil etuvchi ko‘hna qit’a bilan sheriklik tarafdori bo‘lib kelganmiz. Yevropada millionlab turklar yashaydi va bu ham juda muhim jihat. Uzoq vaqt davomida bir qator YeI mamlakatlari Turkiyadan xoli bo‘lish pozitsiyasiga amal qildi, garchi mamlakatimiz bilan hamkorlik YeI manfaatiga mos bo‘lsa ham”, dedi Yilmaz “A Haber” telekanalida.

Mulozim Stokgolm Turkiyani Yevropaga integratsiya jarayonida qo‘llab-quvvatlashi evaziga Shvetsiyaning ittifoqqa qo‘shilishi haqidagi arizasini ratifikatsiya qilish tartibini tezlashtirish bo‘yicha NATO sammiti doirasida erishilgan kelishuv nuqtai nazaridan Anqaraning keyingi qadamlari haqidagi savolga ham javob berdi.

“Biz Bojxona ittifoqi va vizasiz rejim bilan bog‘liq masalada faol ishlaymiz. Bojxona ittifoqi sanoat sohasini qamrab oladi, kelajakda hamkorlik yo‘nalishlari kengayadi. Umid qilamizki, sheriklarimiz ham vaziyatni to‘g‘ri baholaydi”, deya qo‘shimcha qildi vitse-prezident.
Turkiya 2005 yildan beri YeIga to‘laqonli a’zo bo‘lishga intilib kelmoqda.