Munosabat

Yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida mamlakatimizni kelgusi yetti yilda yanada rivojlantirish hamda ko‘p millatli xalqimizning turmush farovonligini yaxshilashga qaratilgan bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Jumladan, Prezidentimiz xalqimizning bildirilgan yuksak ishonchi kelgusi yetti yilda xoh u xalq vakili deputat yo senator bo‘lsin, xoh vazir va hokim, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari – har birimizdan avvalgidan ikki-uch karra ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashni talab etishini ta’kidlab o‘tdi.

Bunda esa, eng avvalo, islohotlarimizning ta’sirchanligi va bardavomligini ta’minlash, tanlagan yo‘limizda uchrashi mumkin bo‘lgan barcha xavf-xatar, to‘siq va g‘ovlarni hisobga olgan holda ish olib borishimiz talafotsiz ko‘zlangan manzilga yetishimizga xizmat qiladi.

Nega deganda, bugungi keskin raqobat olamida kechagi mezon va yondashuvlar bilan rivojlanib bo‘lmasligini hayotning o‘zi bizga namoyon etmoqda. Shu bois, har bir imkoniyatdan oqilona foydalanib, har qanday muammoni aql va ilm bilan hal qilishimiz, turli sinovlarni xalqimiz bilan bamaslahat, og‘ir-vazmin bo‘lib yengib o‘tishimiz zarur bo‘ladi.

Bu jarayonda parlament palatalari, hukumatimiz, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar o‘zlarining kelgusi faoliyatlarini yuqoridagi kabi omillarning barchasini inobatga olgan holda tashkil etishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, Prezidentimiz nutqida ta’lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarini rivojlantirish, yangi uy-joylar qurish, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi bilan ishonchli ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmalar ishini yaxshilash bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilishini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, tadbirkorlik uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratilib, yangi-yangi ish o‘rinlari ochish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularning bandligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Bu jarayonda aholining ehtiyojmand qatlamlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish ham ustuvor maqsad va vazifalardan biri sifatida belgilanadi.

Jumladan, Prezidentimizning saylovoldi dasturida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yaratilib, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga ham alohida e’tibor qartilgan.

Xususan, ortopediya, reabilitatsiya, tibbiyot va dori vositalarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zlari tanlaydigan, davlat esa pulini to‘lab beradigan tizim joriy qilinadi. Ushbu tizimning joriy etilishi esa, yurtimizdagi minglab imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga keng imkoniyat yaratib berish bilan bir qatorda, ularning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi yanada ortishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, nogironlikni belgilash bo‘yicha hozirgi tibbiy modeldan ijtimoiy modelga o‘tiladi. Ya’ni endilikda nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqat tibbiy ko‘mak ko‘rsatiladi, shu bilan birga, ishlash istagidagi nogiron shaxslarga o‘z qobiliyatlarini to‘laqonli namoyish etishlari uchun zarur bo‘lgan sharoitlar ham yaratib beriladi.

Va bu boradagi eng muhim tashabbuslardan biri, oilasidagi nogironligi bo‘lgan odamga qarovchi ehtiyojmand insonlarga ish haqi to‘lash tizimining joriy qilinishidir. Xalqimizda kasal emas, uni boqqan kasal degan ajoyib bir maqol bor. Endilikda nogironligi bo‘lgan shaxslarga qarovchilarga ish haqi berilishi o‘ylaymanki, nafaqat ularni iqtisodiy jihatdan, shu bilan birga, ruhan ham yanada qo‘llab-quvvatlanishiga sabab bo‘ladi.

Umuman olganda Prezidentimiz nutqida ta’kidlanganidek, kelgusi yetti yilda mamlakatimizni taraqqiy ettirishga qaratilgan yangi strategiya ishlab chiqiladi. Ushbu strategiyaning hayotimizga to‘laqonli tatbiq etilishi biz, xalq vakilaridan xalqchil va barcha soha va tarmoqlar taraqqiyotiga to‘siqlarsiz xizmat qiladigan qonunlarni ishlab chiqishni talab etadi.

Oltinoy MAMIROVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA