Ma’lumki, har bir davlat iqtisodiyoti oldida turgan muhim vazifalardan biri eksport salohiyatini yuksaltirish. Bu uchun esa jahondagi yangidan-yangi bozorlarga kirib borish zarur. Biroq, mamlakatlarning bozor borasidagi o‘z qonun-qoidalari, qonunchilik hujjatlari, tovar va mahsulotlarga aloqador talablari bor. Jumladan, O‘zbekistonda ham. Soha tilida aytadigan bo‘lsak “texnik to‘siqlar” mavjud.

Bu to‘siqlar aslida ichki bozor sifati va sofligini, iste’molchilar huquqlarini ta’minlashni nazarda tutadi. O‘zbekiston milliy akkreditatsiya markazi yaqinda Akkreditatsiya bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligi (ARAS)ga a’zo bo‘ldi. AQSHda mazkur tuzilma Bosh Assambleyasida ishtirok etdi.

Xo‘sh mazkur tashkilotga a’zolik O‘zbekistonga nima beradi? O‘zbekiston milliy akkreditatsiya markazi direktori Ansabxon Zokirov bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.

– Akkreditatsiya bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligiga a’zolik O‘zbekistonga nima beradi?  

– Akkreditatsiya bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligi (APAC) tashkiloti Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi barcha akkreditatsiya tashkilotlarini o‘zida jamlagan. Biz ham ushbu xalqaro hamjamiyatga a’zo bo‘ldik. A’zo va ko‘p tomonlama bitimlarga qo‘l qo‘ygan davlatlar bir-birining mahsulot sifati sinovlarini o‘zaro tan oladi. Ya’ni “Bir marotaba sinovdan o‘tkazib, butun dunyoda tan olish” tamoyiliga ko‘ra ish yuritadi. Bu esa o‘z navbatida, bozorlarga erkin kirib borish imkoniyatini beradi. Shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tovar va xizmatlari sifati xorijiy davlatlar iqtisodiyoti va jamiyati talabi darajasida bo‘lishiga, sifat ko‘rsatkichining yuqoriligi bilan ishonch qozonib, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf qilishga yordam beradi.

Biz a’zo bo‘lgan bu tashkilot dunyodagi eng katta mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoda jami 6 ta mintaqaviy akkreditatsiya tashkiloti bo‘lsa, bittasi APAC.

O‘zbekiston milliy akkreditatsiya markazi 2019 yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Davlatimiz rahbari tomonidan tashkilotga akkreditatsiya tizimini xalqaro darajaga olib chiqish va xalqaro standartlar asosida ishlashini ta’minlash asosiy vazifa sifatida qo‘yilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2020 yilda Akkreditatsiya bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligi (APAC) tashkiloti muxbir a’zosi bo‘lib ishtirok etganmiz. 2022 yilda tashkilot bizning faoliyatimizni o‘rgandi. O‘rganishlar natijasida faoliyatimizga yuqori baho berdi. APAC tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qaror qabul qilindi. Natijada O‘zbekiston 2022 yil sentyabr oyida mazkur tashkilotga to‘liq va teng huquqli a’zo sifatida qabul qilindi.

Joriy yilning 23 iyun – 1 iyul kunlari AQSHning Kaliforniya shtatida APAC xalqaro tashkiloti Bosh Assambleyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DUK vakillari to‘la huquqli a’zo sifatida ilk bora ushbu nufuzli anjumanda ishtirok etdi.

Assambleyada qatnashishdan maqsad, avvalo O‘zbekistonda akkreditatsiya sohasida olib borilayotgan yangiliklar bilan tanishtirish hamda “APAC-MRA” Ko‘p tomonlama bitimini imzolash bo‘ldi. Endilikda APAC doirasida o‘tkaziladigan har bir texnik va boshqaruv sohasidagi yig‘ilishda O‘zbekiston o‘z nuqtai-nazari va fikrlarini bildira oladi hamda ilgari suradi. Zotan, O‘zbekiston akkreditatsiya markazi ushbu nufuzli tashkilotning to‘la huquqli a’zosi sifatida bu kabi imtiyozlardan foydalanishi har tomonlama foydalidir.

Anjuman sessiyalarida turli davlatlar akkreditatsiya idoralari bilan ham munozara va suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra, markaz kelgusida Hindistonning ikkita akkreditatsiya idorasi bilan ikki yangi sohada – tibbiy laboratoriyalar akkreditatsiyasi va sertifikatlashtirish yo‘nalishida hamkorlik qiladi.

– APAC xalqaro tashkiloti Bosh Assambleyasida qanday masalalar ilgari surildi?  

– Mazkur tashkilotga a’zo davlatlar oldiga qo‘ygan ustuvor masalalardan biri bu ekologiya. Ya’ni, akkreditatsiya qanday qilib ekologiyani muayyan holda saqlab qola oladi? Bundan tashqari suv muammosi, yashil ekologiya masalalari ko‘tarildi.

Xorijiy davlatlarda akkreditatsiya – tibbiyot, farmatsevtika, ekologiya kabi tizimlargacha kirib borgan. Misol uchun, biotexnologiya rivojlangan xorijiy davlatlarda har bir odam to‘g‘risida barcha ma’lumot saqlanadi. Masalan, u inson butun umr davomida qanday kasalliklarga chalingani haqida to‘liq ma’lumot saqlanadi.

Shuningdek, biobanking tizimi keng tarqalgan. Bu tizim butun dunyoda akkreditatsiya qilinadi. Bunda inson tug‘ilganidan to vafotiga qadar, insondan olingan jamiki biomateriallar, ya’ni qon tahlili, boshqa tahlillar barchasi saqlanib boriladi. Shu tahlillar asosida bu inson chalinishi mumkin bo‘lgan kasalliklar aniqlanadi. Bu kasalliklar nima oqibatida sodir bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi shakllanib boradi. Bu tizim taraqqiy etgan davlatlarda juda rivojlanib bormoqda. Bunda insonlar og‘ir kasallikka chalinishning oldini olish uchun bu tizimdan foydalanadi. Bunda akkreditatsiyaning o‘rni katta.

Bundan tashqari tibbiy laboratoriyalar. Bugungi kunda mamlakatimizdagi tibbiy laboratoriyalarga qon topshirsangiz, turli natijalarni ko‘rsatish ehtimoli juda yuqori. Qaysi biriga ishonishni bilmaysiz. Buning natijasida vrach ham tashxis qo‘yishga qiynaladi. Mazkur tibbiy laboratoriyalarga qanchalik ishonch bor? Shu yerda ham akkreditatsiyaning o‘rni katta. Rivojlangan davlatlarda mazkur tizimlarga allaqachon akkreditatsiya kirib borgan. Biz ham akkreditatsiya ishtirokini ta’minlashni maqsad qilganmiz. Bugungi kunda bu borada xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganyapmiz.

– O‘zbekiston akkreditatsiya tizimi xalqaro darajada tan olinishi mamlakat iqtisodiyoti uchun qanchalik ahamiyatli?  

–Tashkilotning iqtisodiyotga qo‘shayotgan hissasi beqiyos. Mamlakatimizda akkreditatsiya faoliyatining alohida o‘rni bor. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati, xavfsizligi bo‘yicha xorijiy mamlakatlardagi hamkorlarning ishonchini qozonish kerak. Mana shu ishonchni bizning tashkilot qozonadi. Bu ishonchni qozonadigan boshqa tashkilot yo‘q.

Iqtisodchi olimlar tomonidan mahsulot bozorgir bo‘lishi uchun sifat bilan narxi grafik asosida ko‘rsatiladi. Shu narx va sifat kesishuv nuqtasida eng xaridorgir mahsulot yaratiladi. Misol uchun, shunday mahsulotlar bor sifatli, ammo juda qimmat. Buni barcha fuqarolar xarid qilolmaydi. Dunyoviy ayrim brendlar bor. Ularning arzimagan kiyim-kechagi falon pul turadi. Uni hamma ham xarid qilishga imkoni yo‘q. Shuning uchun sifat va narx uyg‘unligi kesishuv nuqtasi eng xaridorgir mahsulot hisoblanadi. Ammo, globallashuv, xalqaro savdoning rivojlanishi natijasida ikki unsurga uchinchi unsur ya’ni, ishonchlilik qo‘shildi. Narxi, sifati yaxshi biroq, mahsulotning doimiy sifati ta’minlab turilishiga ishonsa bo‘ladimi? Mana shuning kafolatida akkreditatsiya faoliyati birinchi bo‘g‘in hisoblanadi. Sodda qilib aytganda, tashkilotimiz xorijiy hamkorlarning O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan, eksport qilinayotgan mahsulotlarga bo‘lgan ishonchini qozonib berishi kerak.

Agar ishonch qozonilmasa, hamkor doimiy hamkor bo‘lmaydi. Doimiy hamkor bo‘lishi uchun ikki tomon hamkorligi o‘rtasida ishonch bo‘lishi kerak. Agar ishonchga putur yetsa, eksport to‘xtatilishi, korxonalar tanazzulga uchrashi mumkin. Shu bois, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan har bir mahsulotning ishonchini qozonib beradigan ko‘prik akkreditatsiya xizmati bo‘ladi.

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, APAC tashkilotiga xorijiy davlatlar akkreditatsiya idoralari to‘la huquqli a’zo bo‘lib kirishi uchun o‘rtacha 5-6 yil talab etiladi. O‘zbekiston bu natijaga 3 yilda erishdi.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA