Prezidentimizning 2017-yil 28-fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018-yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tumanda amalga oshirilayotgan 72 loyihaning 16 tasi qishloq xo‘jaligi, jumladan, 6 tasi baliqchilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.

Loyihalarning aksariyati “Mo‘ynoq akva sanoat” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshirilayotir. Bu yerda baliqlar uchun to‘yimli ozuqa ishlab chiqarish bilan birga, maxsus texnikalar yordamida suv havzasi va ko‘llarni tozalash, baliq urchitish, yetishtirilayotgan mahsulotlarni saqlash uchun muzlatgichli omborxonalar barpo etish ishlari olib borilmoqda.

– Korxonamizda baliq uchun to‘yimli, vitaminga boy bo‘lgan maxsus yem, baliq ovlash uchun turli to‘rlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda, – deydi “Mo‘ynoq akva sanoat” davlat unitar korxonasi menejeri Maqset To‘qsonboyev. – Inkubatsiya sexiga xorijdan maxsus uskunalar keltirilib o‘rnatildi. Yil oxiriga qadar mahsulot saqlaydigan muzlatgichli omborxonalarimiz ham ishga tushiriladi.

Korxona jamoasi Jiltirbas, Sudoche va Ribache singari tabiiy ko‘llarda baliq urchitmoqda. Ayni paytda Ribache ko‘lida 20 kishi baliq ovlamoqda. Loyiha ro‘yobga chiqqach, yana 31 kishining bandligi ta’minlanadi.

 

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA