Xitoyda ingliz tilida chop etiladigan nufuzli “Global Times” gazetasida 9 iyul kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Prezident sayloviga bag‘ishlangan maqola chop etildi.

Maqolada Liberal-demokratik partiyadan nomzod – amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovda 87,05 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongani, Markaziy saylov komissiyasi raisi saylov haqiqiy raqobat sharoitida, xalqaro standartga, milliy qonunchilikka muvofiq o‘tganini qayd etgani ta’kidlangan.

“Global Times” yozishicha, so‘nggi yillarda respublikamizda bir qator tarixiy o‘zgarishlar ro‘y berdi – mamlakat iqtisodiyoti hajmi ikki barobar o‘sdi va kelgusi yillarda yalpi ichki mahsulot 100 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

– Jahon iqtisodiyotidagi inqiroz, tashqi muhit beqarorligiga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyot o‘sishining o‘rtacha 5 foizlik yuqori sur’atini saqlab qolishga erishdi, – deb yozadi nashr. – Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil oxiriga kelib, YAIM 6 foiz o‘sishi kutilmoqda. Bu mamlakat jadal rivojlanayotganidan dalolat.

“Global Times” Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori Sun Chuanchji fikriga tayangan holda, Shavkat Mirziyoyev o‘zini “Inson eng oliy qadriyat” tamoyiliga asoslangan Yangi O‘zbekistonni yaratishga qodir islohotchi sifatida namoyon qilgani, millat yetakchisi maqomiga sazovor bo‘lib, mamlakatni taraqqiyot, modernizatsiya sari yetaklayotganini ta’kidlaydi. “Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O‘zbekiston barqaror rivojlanish sur’atini, kuch-qudrati va salohiyatiga to‘la tayangan holda, o‘z mustaqilligi, xalqining tinch-osoyishta hayotini himoya qilish qobiliyatini namoyish etayotgan va jadal rivojlanayotgan davlatga aylandi”, – deb yozadi nashr.

Shu bilan birga, maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyevning faol tashqi siyosati Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan eng ustuvor yo‘nalishi sifatida qabul qilingani, bu esa mintaqaviy hamkorlik jarayonini rivojlantirishda tub o‘zgarishlarni ta’minlayotgani, hamkorlikning yangi muhitini yaratib, mintaqa davlatlarining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlagani alohida ta’kidlangan.

Qayd etish kerak, “Global Times” dunyo miqyosidagi eng muhim voqealarni yoritadigan  ingliz tilidagi nufuzli nashr hisoblanadi.

 

O‘zA