Bugun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Majlisda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosib tarzda, saylovchilarning faolligida bo‘lib o‘tdi. Unda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 15,6 milliondan ziyodi yoki qariyb 80 foizi o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi.

Majlisda 2023 yil 9 iyul kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzildi hamda saylov natijalarini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Jumladan, saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 87,05 foiz ovozi bilan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangani to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Anvarovna Mahmudovaga saylovchilarning 4,43 foizi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatovga 4,02 foizi va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayevga 3,74 foizi yoqlab ovoz bergani bayonnomada aks ettirildi.

Bundan tashqari, majlisda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

Oybek Pardayev (surat), O‘zA