Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) mas’ul vakillari ishtirokida O‘zbekiston Prezidenti saylovining dastlabki natijalari yuzasidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ta’kidlab o‘tilganidek, Saylov – demokratiya ko‘zgusi. Negaki, har qanday mamlakatda ochiqlik, oshkoralik, so‘z erkinligi, saylash va saylanish huquqiga oid umume’tirof etilgan demokratik tamoyillar amalda nechog‘li ta’minlangani aynan saylov jarayonida namoyon bo‘ladi.

Saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyatining asosiy tamoyilidir. Shu ma’noda, bu galgi Prezident saylovini 800 ga yaqin xalqaro kuzatuvchi kuzatib borgani e’tirofga loyiq. Ular orasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi hamda DIIHB, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Turkiy davlatlar PA, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Kotibiyati va PA, Islom hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar, shuningdek, dunyoning 47 davlatidan kelgan kuzatuvchilar bor.

Ayni payt Prezidentlikka nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 54 mingga yaqin kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiyadan o‘tgan 1257 vakili saylov jarayonini yoritib bordi.

Saylov uchastkalarini ovoz berishga hozirlash jarayonida kuzatuvchilar va jurnalistlar uchun maxsus joy ajratilishiga alohida e’tibor qaratildi. Ular ovoz berish jarayonini bemalol kuzatishi, OAV vakillari voqealarni hech qanday to‘siqsiz yoritib borishi uchun barcha zarur sharoit yaratildi.

O‘zA