Yurisprudensiya sohasining vazifalari kengayib bormoqda. Chunki kun sayin yangidan-yangi sohalar, hal qilinishi va huquqiy tartibga solinishi kerak bo‘lgan dolzarb masalalar vujudga kelmoqda.

Shu bilan birga, yuridik soha vakillarining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi vazifalari ham zamonaviylashib bormoqda.

Mazkur omillarni inobatga olgan holda ushbu o‘zgarishlarni o‘rganish, yuridik soha rivojini xalqaro va milliy amaliyotdan kelib chiqib, malakali mutaxassislar bilan muhokama qilish bugungi kunning muhim talablaridan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda Toshkent davlat yuridik universitetida “Yuridik kasb rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari” mavzusida xalqaro anjuman tashkil etildi.

Xalqaro anjumanda zamonaviy huquqshunoslik amaliyoti, yuridik kasb rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari, sohadagi xalqaro standartlar, shuningdek, bugungi va kelajakdagi mehnat bozori uchun zamonaviy yuridik kadrlar tayyorlash va boshqa sohaga doir muhim masalalar muhokama qilindi.

Adliya vaziri Akbar Toshqulov mamlakatimizda yuridik kasb rivojlanishining amaldagi holati, sohada amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarga to‘xtaldi. Zamonaviy yuridik kasb egalariga qo‘yiladigan talablar, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, davlat xizmatlari, notarius va advokatlar faoliyatiga oid ma’lumotlar berildi. Yuridik kasb rivojlanishining kelajakdagi istiqbollari xususida fikrlar bildirildi.

White & Case hamkori Kerolin Lemm bugungi zamonaviy dunyoda yuristlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni va undagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish yo‘llarini mukammal bilishi kerakligini qayd etdi. Sun’iy intellekt yuristlarning o‘rnini mukammal bosa olmasligi, o‘zgarishlar doimo bo‘lib, yuristlar ham ularga mos ravishda rivojlanib borishi kerakligiga oid fikrlar o‘rtaga tashlandi.

Anqara Yildirim Boyazid universiteti rektori Ibrohim Aydinli esa yuridik kasb rivojlanishining dolzarb masalalariga e’tibor qaratgan holda yuristlarning ekologiya huquqi sohasida ham vazifalari ortib borayotgani va bu borada ham zamonaviy huquqiy tartibga solishga ehtiyoj borligini qayd etib o‘tdi.

Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi Bosh kotibi Kristof Bernaskoni ham bugungi globallashuv davrida yuridik kasb egalarining faoliyatiga baho bergan holda shiddatli o‘zgarib borayotgan zamonda malakali yuristlar o‘zgaruvchan va moslashuvchan – zamon bilan hamnafas bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan bo‘lsa, Katolika universitetining xalqaro huquq bo‘yicha professori Maria-Chiara Malaguti yuridik sohani rivojlantirish uchun doimo hamkorlik va samarali muloqotni tashkil etish zaruratini, sohaga xalqaro tajribalarni har doim jalb etib borish zarurligini ta’kidladi.

Ishtirokchilar soha rivojining dolzarb masalalariga oid fikrlar bildirdi, savol-javoblar asosida mavzu chuqur muhokama qilindi. Tadbir yakunida sohada uchrayotgan muammolarni bartaraf etish, o‘zgarishlar va yangiliklarni yurisprudensiya sohasiga integratsiya qilish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA