Malayziyaning mashhur “The New Straits Times” kundalik gazetasida “O‘zbekiston tashqi siyosati tinchlik, o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Nashrda jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayon, ziddiyatlar, turli inqirozlarga qaramay, O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning to‘laqonli ishtirokchisi sifatida o‘z milliy manfaatlarini ilgari surib, tinchliksevar tashqi siyosatni samarali amalga oshirayotgani, yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, jumladan, mamlakatimiz tinchliksevar tashqi siyosati konstitutsiyaviy asosini takomillashtirayotgani alohida ta’kidlangan.

“O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikka, o‘zaro yordam, tinchlik va totuvlik asosidagi do‘stona munosabatni mustahkamlash va rivojlantirishga intilishi belgilab qo‘yilgan, – deb yozadi muallif. – Darhaqiqat, o‘zaro manfaatli munosabatni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilishi orqali mintaqada siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch mustahkamlandi.

Mamlakatimizning qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlashda sezilarli muvaffaqiyatlar qayd etildi, suvdan foydalanish, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegaradan o‘tish, mintaqaviy miqyosda transport kommunikatsiyalaridan foydalanish kabi murakkab masalalarga yechim topildi. “Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanmoqda, 2022 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning mintaqaviy tashqi savdo aylanmasi hajmi 2016 yilga nisbatan 3 barobar oshib, 7,5 milliard dollarni tashkil etdi”, – deb yozgan muallif.

Nashrda qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonida O‘zbekistonning o‘rni va sa’y-harakatiga alohida e’tibor qaratilgan. Ta’kidlanganidek, ushbu davlatda tinchlik o‘rnatish, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladigan qator infratuzilmaviy, madaniy-gumanitar loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston hududi orqali afg‘on xalqiga asosiy xalqaro gumanitar yordam yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.

“Dunyo davlatlari, xususan, Yevropa, Amerika, Kavkaz, Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalari, Arab davlatlari, Hindiston va boshqa mamlakatlar bilan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar va strategik hamkorlik izchil rivojlanmoqda”, – qayd etiladi maqolada.

Materialda, shuningdek, O‘zbekistonning 2022-2023 yillarda uchta nufuzli xalqaro tashkilot – Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida ko‘plab tadbirlar muvaffaqiyatli tashkil etilganiga urg‘u berilgan.

“Faol tashqi siyosat O‘zbekistonning xalqaro obro‘-e’tiborini oshirish barobarida Markaziy Osiyoni barqaror, ulkan imkoniyatga ega jozibali mintaqaga aylantirishga xizmat qilmoqda», deb yozgan “The New Straits Times”.

 

O‘zA