Bugun Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Oliy sud raisi o‘rinbosari H.To‘raxo‘jayev hamda Bosh prokuratura vakili ishtirokida brifinglar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur brifinglarda 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qonuniylikni ta’minlash, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlari Konstitutsiya hamda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi talablari asosida tashkillashtirilib, o‘tkazildi.
Saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari boshlanganidan bugungi kunga qadar saylovni tashkil etish hamda o‘tkazish, jumladan, saylov o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, ularning ishiga to‘siqlarni yuzaga keltirish, saylov o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlarini ijro etmaslik, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqishni g‘ayrihuquqiy ravishda rad etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik bilan bog‘liq ishlar sudlarga kelib tushmagan.
Shuningdek, saylovga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va saylov o‘tkazish jarayonida axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan qoidabuzarlik uchun biron-bir shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilmagan.
Shu bilan birgalikda, saylovni tashkil qilish, uni o‘tkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalar yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari yoxud saylov komissiyalari a’zolari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov hujjatlarini qalbakilashtirish, imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash, fuqarolarning saylovda erkin ishtirok etishlariga zo‘rlik ishlatish, qo‘rqitish, aldash yoki og‘dirib olish yo‘li bilan to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq jinoyat ishlari ham sudlarning ish yurituviga kelib tushmadi.
Ushbu davr mobaynida fuqarolar tomonidan saylov o‘tkazuvchi komissiyalarga huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi murojaatlariga berilgan javoblaridan norozi bo‘lib sudlarga ariza (shikoyat) keltirilmagan. Faqatgina sudga bir dona murojaat kelib tushgan bo‘lib, u belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov ishtirokidagi brifingda ham saylov jarayonida qonuniylikni ta’minlash choralari ko‘rilgani alohida qayd etildi. Prokuratura organlariga kelib tushgan murojaatlarga qonun talablari asosida huquqiy baho berildi.
Muhtarama Komilova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA