Turkiya va AQSH Prezidentlari Rejep Tayyip Erdog‘an va Jo Bayden kecha telefon orqali muloqot chog‘ida Ukraina va Shvetsiyaning NATOga a’zoligi, ikki tomonlama munosabatlar va Amerikaning “F-16” qiruvchi samolyotlarini sotib olish masalalarini muhokama qilishgan. Bu haqda Turkiya davlat rahbari matbuoti xizmati xabar berdi.
“Muloqot chog‘ida, shuningdek, Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga to‘liq qo‘shilishi mavzui ham ko‘rib chiqildi. Yetakchilar NATOning Vilnyus sammiti doirasida uchrashib, ikki tomonlama va mintaqaviy munosabatlarni batafsil muhokama qilishga kelishib oldilar”, deyiladi xabarda.
Bayonotda ta’kidlanganidek, Erdog‘an Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi munosabati bilan terrorizmga qarshi kurash qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritish orqali to‘g‘ri yo‘nalishda muayyan qadamlar qo‘ygani, biroq Kurdiston ishchi partiyasi tarafdorlari tomonidan taqiqlangan xatti-harakatlar davom ettirilayotgani qayd etildi.
“Prezident shu jumladan Turkiyaga “F-16” uchoqlari yetkazib berish talabini Shvetsiyaning NATOga a’zoligi bilan bog‘lash noloyiqligini aytdi”, deyiladi hujjatda.
“TRT” telekanali xabarida Erdog‘an va Bayden “don shartnomasi” atrofidagi vaziyatni ko‘rib chiqishgani aytiladi.
Oq uyning Milliy xavfsizlik bo‘yicha prezidentning maslahatchisi Jeyk Sallivanning bayonotiga ko‘ra, Bayden “Turkiyaga “F-16”larni yetkazib berish Amerika manfaatlariga to‘g‘ri keladi”, deb aytgan.
O‘zA