Samandar (ismlar o‘zgartilgan) o‘sha kuni eski tanishlari bilan uchrashib shirakayf bo‘ladi. Tushlikda boshlangan ziyofat kechga yaqin tugaydi. Uyga kelgach biroz dam oladi. Kechki soat 19:00 lar chamasi uning telefoniga do‘sti Sharif qo‘ng‘iroq qiladi. Sharif unga biron joyga borib o‘tirishni taklif qiladi. Ikkala do‘st uchrashib, Xo‘jayli tumani “Bayterek” MFY hududidagi “sauna”ga borishadi. U yerda ham Samandar do‘sti bilan maishatni davom ettiradi. Shu orada Sharif yana bir tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘ziga cho‘milish uchun “shampun, sochiq” kabi bir-ikkita narsa olib kelib berishini so‘raydi. Oradan o‘n daqiqa o‘tmasdan Sharifning tanishi uning buyurtmasini olib keladi.

Bu orada Samandarning ham kayfi oshib, o‘zini boshqara olmay qoladi. Buni ko‘rgan Sharif “Sen uyingga borib dam olgin” deb uni taksiga o‘tqazib, kuzatib qo‘yadi. Ammo Samandar taksidan tushib qolib, yana o‘sha joyga qaytib keladi. Yon-atrofga qaraydi, oldida turgan “Neksiya-2” avtomashinasiga ko‘zi tushadi. Qarasa, eshigi qiya ochiqdek, derazalari ham tushirilgan. Xuddi o‘zining mashinasidek Samandar avtomashina eshigini ochib, rulda qoldirilgan kalit bilan mashinada uyi tomon yo‘l oladi. Eri mashinada qaytib kelganini ko‘rgan xotini hang-mang, yana mast holda mashina haydab kelgan. Bu orada Sharif va uning tanishi tashqarida o‘rtog‘ining mashinasini topolmay halak. Aniq qulflab ketgandim deb, mashinasini yo‘qotib qo‘yganiga ishonmay izlayotgan Sharifning o‘rtog‘i darhol undan Samandar qayerda yashashini so‘raydi. Sharif esa u unday bola emas deb, uni tinchlantiradi. Keyin “102” ga telefon qilib, avtomashina yo‘qolganligi va u kimdan gumon qilayotganligi to‘g‘risida xabar berdi. Tez orada avtomashina o‘g‘risi ham topildi. Samandarning uyiga Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tezkor guruhi yetib kelib, olib qochib ketilgan avtomobilni topishdi, “boqibeg‘am” uxlayotgan Samandarni uyg‘otib, hibsga olishdi. Mazkur jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Sud hukmi bilan Samandar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga shu modda bilan Jinoyat Kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, 4 (to‘rt) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Spirtli ichimlik ichish oqibatida yosh yigit o‘z xulq-atvorini idrok etolmasdan, jinoyatga qo‘l urdi. Hushi o‘ziga kelganda esa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘ldi, afsus-nadomat chekdi. Ammo kech edi…

Ibrayim Allaniyazov,  

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tuman sudi raisi  

O‘zA