O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki vitse-prezidenti Lyudger Shuknext bilan uchrashdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, ko‘ptomonlama rivojlanish instituti hisoblangan, 80 dan ortiq davlat a’zo bo‘lgan ushbu moliyaviy tuzilma faoliyati Osiyo-Tinch okeani mintaqasida moliyaviy hamkorlikni rag‘batlantirish, Osiyoda yo‘l, aeroport qurishdan tortib, aloqa antennasi o‘rnatish va arzon uy-joy barpo etishgacha bo‘lgan infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishga qaratilgan.
Uchrashuvda OIIB bilan moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqboli, mavjud loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning bugungi holati muhokama qilindi.
Xususan, energetika, infratuzilmaviy rivojlanish, transport va tibbiyot yo‘nalishlarida umumiy qiymati 2,4 milliard dollardan ziyod 13 loyihani jamlagan OIIBning O‘zbekiston Respublikasidagi joriy investitsiya portfeli salmog‘i o‘sishining ijobiy sur’ati qayd etildi.
2023 yil mart oyidan buyon bank tomonidan energetika loyihalarini hayotga tatbiq etish doirasida davlat kafolatisiz 415 million dollarlik 3 ta kredit yo‘lagi ma’qullandi.
Lyudger Shuknext mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.
– O‘zbekiston biz bilan loyihalarning uch yillik turkumi bo‘yicha hamkorlik qilayotgan birinchi davlat, – dedi janob Shuknext. – Asosiy e’tiborimiz, albatta, infratuzilma barpo etish, inson kapitalini mustahkamlash, xususiy sektorni rivojlantirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatining oldini olish bo‘yicha global masalalarni ilgari surishga yo‘naltiirlgan. Mamlakatingiz bilan samarali hamkorlik ko‘lami yanada kengayishidan manfaatdormiz.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar qo‘shma loyihalarni sifatli amalga oshirish va o‘zaro munosabatning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishga qaratilgan faol hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.
G.Sattorova, O‘zA