Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2023-2024 o‘quv yili uchun qabul jarayoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda institut rektori Bayrambay Otemuratov ommaviy axborot vositalari vakillari – jurnalistlar va blogerlarga qabul jarayonidagi so‘nggi yangiliklar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, 2023-2024 o‘quv yili uchun qabul qilish jarayonini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Qabul komissiyasi kotibi  hamda tegishli a’zolaridan iborat komissiya tarkibi tasdiqlangan bo‘lib, belgilangan reja asosida ish olib borilmoqda.

Abituriyentlar va ularning ota-onalari  uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, tegishli yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish  va qiziqtirgan savollariga  javob   berish uchun institutning 6-o‘quv binosida “Call-center” va “Maslahat markazi” tashkil etildi. Ularga qabul bo‘yicha mas’ul mutaxassislar biriktirilgan bo‘lib abituriyentlarga zarur maslahatlar berilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 15 iyundagi “2023/2024 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” farmoyishi asosida 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasasiga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti bo‘yicha tasdiqlanadi.

Qayd etilganidek, bakalavriatning kunduzgi 25 ta ta’lim yo‘nalishiga jami 2 ming 45 ta o‘rin, shundan, davlat granti asosida  560 ta va to‘lov-shartnoma asosida 1ming 485 ta o‘rin;

– bakalavriatning sirtqi 9 ta ta’lim yo‘nalishiga to‘lov-shartnoma asosida 550 ta o‘rin;

– bakalavriatning kechki 7 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha to‘lov-shartnoma asosida jami 350 o‘rin;

– magistratura yo‘nalishida 22 ta mutaxassislik uchun jami 111 o‘rin, shundan, davlat granti asosida 37 ta va to‘lov-shartnoma asosida 74 ta  o‘rin ajratildi.

Tadbirda qabul jarayonidagi ahamiyatli yangiliklar, amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, kasb bayrami munosabati bilan ommaviy axborot vositalarining bir guruh vakillari va blogerlarga oliy o‘quv yurtining faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA