To‘xtovsiz yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Yaponiya janubidagi Kyusyu viloyati hukumati bir necha hudud evakuatsiya qilinishidan ogohlantirdi. “NHK” telekanali ma’lum qilishicha, Kumamoto, Fukuoka, Oita, Miyazaki, Saga va Yamaguti muzofotlarida ko‘chki xavfi nihoyatda yuqori.
Avvalroq “AFP” agentligi ehtimoliy ko‘chirilishdan ogohlantirish mamlakat g‘arbidagi ikki millionga yaqin odamga ta’sir qilganini yozgan. Xususan, Fukuoka janubi-g‘arbidagi Kurume shahrining 115 ming va Kumamoto shahrining 360 ming aholisi evakuatsiyaga tayyorgarlikni boshlab yuborgan.
Noqulay ob-havo tufayli qator hududlarda infratuzilma shikastlangan. Kun chiqar yurt g‘arbidagi Yamaguti viloyatida kuchli yomg‘ir payti temir yo‘l aloqasi uzilgan. Mine shahrida esa daryo ustidan o‘tuvchi temir yo‘l ko‘prigi qulab tushgan.
Yaponiya janubiy-g‘arbida har yili yozda kuchli yomg‘ir yog‘adi, daryolar toshadi, keng hududlarni suv bosadi. Ko‘chkilar odamlar qurbon bo‘lishiga olib keladi.
Milliy meteorologiya xizmati kuchli yomg‘ir 4 iyul kuni ham davom etishidan ogohlantirdi.